Bugun Turkiyada o'tgan parlament saylovlarida berilgan ovozlarning 95 foizidan ko'pi hisoblab bo'lingan. TRT davlat televideniyesiga ko'ra, Prezident Rajab Toyib Erdog'anning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 49,4 foiz ovoz to'plab, parlamentdagi ko'pchilik o'rinlarni qayta qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Bu 550 o'rinli qonunchilik organida 316 ta o'rin degani. Parlamentni nazorat etish uchun 276 ta o'rin kifoya.
Iyun oyidagi saylovlarda "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 81 viloyatdan 38 tasida mag'lubiyatga uchrab, 41 foiz ovoz olgan edi.
Jarayonda qatnashgan 16 partiyadan to'rttasi 10 foizlik dovondan o'tib, parlamentdan joy olishga muvaffaq bo'ldi. Hukmron partiyadan tashqari parlamentga kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi hamda ikki asosiy muxolif guruh - Respublikachilar xalq partiyasi va Millatchi harakat partiyasi ham kirdi.
Saylovchilarning o'ta faolligi ta'kidlanmoqda. Xabarlarga ko'ra, 88 foizi ovoz berishda qatnashgan. Bu iyun oyidagi saylovga qaraganda 10 foiz ko'p.