Breaking News

Erdog'an namoyishlarda muxolifat, tashqi kuchlar va ekstremistlarni aybladi


Anqara politsiyasi bosh vazir Erdog'an idorasini namoyishchilardan himoya qilish uchun ketmoqda, 3-iyun, 2013-yil
Anqara politsiyasi bosh vazir Erdog'an idorasini namoyishchilardan himoya qilish uchun ketmoqda, 3-iyun, 2013-yil
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an xalqni osoyishtalikka chaqirib, hukumatga qarshi namoyishlar ortida ekstremist va tashqi kuchlar turganini da’vo qildi. Istanbul va poytaxt Anqarada bugun politsiya namoyishchilarni ko’zni yoshlantiruvchi gaz bilan tarqatgan.

Istanbuldagi park joylashgan hududni qayta qurish loyihasiga qarshi boshlangan namoyishlar bugunga kelib Erdog’an hukumatining siyosatiga nisbatan norozilik protesti tusini olgan.

Bosh vazir Marokashga safaridan oldin mamlakatdagi vaziyat xususida fikr bildirdi. Erdog’an nazarida namoyishlarda muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi, ekstremist guruhlar va tashqi kuchlarning qo’li bor.

"Muxolifat ekstremistlarni isyonga gijgijladi. Ekstremistlarning o’zi ham tashabbus ko’rsatgan bo’lishi mumkin. Ularning har bir shaharda tarmog’i bor. Bu yurt farzandlaridan qaysi ishni uddalay olmadik, nega namoyishlar bo’lyapti, namoyishchilarning talabi nima, deb so’ramoqchiman", - dedi Erdog’an.

Davlat rahbari Turkiyadagi voqealarni arab bahori isyoniga qiyoslash xato, dedi.

"Bu mumkin emas. Turkiya haqida bilimi yo’q odamlargina shunday deyishi mumkin. Chunki arab bahorini boshidan kechirgan mamlakatlarda xalqda saylash huquqi, ko’p partiyaviy siyosiy tizim bo’lmagan", - dedi Erdog’an.

Turkiya bosh vaziri tartibsizliklar ortida xorijiy kuchlar ham bo’lishi mumkin, deya razvedkaga bu ishning tagiga yetishni buyurgan. Erdog’an odamlarning uyushishiga yordam berayotgan ijtimoiy sahifalar, jumladan, Twitter ni ham ayblab, ularni jamiyat uchun tahdid deb atadi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan haftadan beri 1700 dan ziyod odam hibsga olinib, aksariyati qo’yib yuborilgan.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar Turkiya hukumatini namoyishchilarga nisbatan ortiqcha kuch ishlatganlikda ayblamoqda. Qo’shma Shtatlar Anqarani bosiqlikka, so’z erkinligini bo’g’maslikka da’vat etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG