Breaking News

Erdog'an korrupsiya mashmashasidan quruq chiqa oladimi?


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya shu kunlarda siyosiy inqirozni boshdan kechirmoqda. So’nggi 43 yilda uch davlat to’ntarishiga guvoh bo’lgan bu mamlakatda hokimiyat to’rtinchi bor ag’dariladimi? Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an tashqi kuchlarni fitnada ayblamoqda.

Erdog’an har bir muvaffaqiyatsizlikda fitna ko’rishga odatlangan. Avval yuzlab harbiylar hibsga olinib, sudlandi, qamoqqa tashlandi. Endi esa bosh vazir kechagi ittifoqchisi, AQShda yashab kelayotgan ulamo Fathulla Gulen tarafdorlaridan shubhalanmoqda.

Xususan, Erdog’an Gulenga huquq-tartibot organlari va adliya tizimida xayrixoh xizmatchilarni bosh vazirga yaqin odamlarni keng ko’lamli korrupsiyada ayblab, hibsga olganlikda ayblaydi. Erdog’an nazarida bu uning hukumatiga dog’ tushirishga, uni obro’sizlantirishga qaratilgan harakatdir.

Gulen va uning atrofidagilar bu ishga zarracha ham aloqasi yo’qligini aytadi. Vashingtondagi Jons Xopkins universitetiga qarashli Markaziy-Osiyo va Kavkaz Instituti chop etuvchi “Turkiya tahlili” jurnali muharriri Halil Karavelining aytishicha, bu ishga Gulenning aralashgani oydek ravshan.

"Korrupsiya tergovining Turkiyada Gulenga qarashli xususiy maktablarning yopilganidan so’ng boshlangani tasodif emas. Buni Turkiyada hamma yaxshi tushunadi. Gulen Erdog’anni maktablarni ochishga va demokratik boshqaruv tizimiga qaytishga chaqirdi", - deydi tahlilchi.

Turkiyada 3800 dan ziyod xususiy maktablar bo’lib, hukumat ularni o’tgan yil oxirida yopishga qaror qilgan edi. Bu maxsus tayyorlov kurslari bo’lib, maktab bitiruvchilarini oliy o’quv yurtlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun tayyorlab kelardi. Darsxona nomini olgan bu ilmgohlarning yopilishi Gulen uchun ham, maktablarda ishlagan jami 100 ming odam uchun ham iqtisodiy zarar bo’ldi.

Yana bir tahlilchi Jenk Sidar fikricha, eng muhim ittifoqchisidan ayrilgan Erdog’anga bu yilgi saylovlarda qiyin bo’ladi. Avval 30-martda mahalliy saylovlar o’tkaziladi. Istanbul va Anqara kabi yirik shaharlarda hokimlikka saylangan arboblarning qaysi partiyadan chiqishi muhim.

So’ng avgust oyida prezident saylovlari o’tkaziladi. Mamlakat tarixida ilk bor prezidentni parlament emas, xalq saylaydi va bosh vazir nomzodini qo’yishini bildirgan.

Jenk Sidarning aytishicha, saylov natijalarini hozirdan aytish qiyin, ammo mutaxassis uch xil ssenariy taklif etadi.

"Uch vaziyatdan biri bo’ladi deb o’ylayman. Birinchisida, Erdog’anning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi mavqeini saqlab qoladi. Ikkinchi vaziyatda hokimiyatga muxolif Respublikachilar Xalq partiyasi kelishi mumkin. Uchinchi ssenariy bo’yicha esa koalitsion hukumat tuziladi", - deydi tahlilchi.

Jenk Sidarning aytishicha, muammo faqat Erdog’an-Gulen qarama-qarshiligida emas.

"2013-yildagi voqealarga e’tibor beradigan bo’lsak, to’rt yo’nalishda salbiy o’zgarishlarni kuzatish mumkin. Birinchidan, iqtisodiy ko’rsatkichlar pastladi. Ikkinchidan, mamlakatda siyosiy qutblashish kuchaydi. Uchinchidan, tashqi siyosat o’ylangan natija bermadi va, nihoyat, to’rtinchidan, demokratiya zaifladi", - deydi ekspert.

Iqtisodni oladigan bo’lsak, deydi Jenk Sidar, inflyatsiya darajasi yetti foiz atrofida, o’tgan yil may oyidan beri turk lirasi 20 foizga qadrsizlandi, mamlakat qimmatbaho qog’ozlar bozorida aksiyalar bahosi 30 foizga tushdi.

"Turkiyada biznes muhit yomonlashgan. Siyosiy beqarorlik, matbuot erkinligining cheklangani, adliya tizimining zaiflashishi xorijiy sarmoyadorlarni cho’chitadi", - deydi mutaxassis.

Tashqi siyosatda esa Turkiya Yaqin Sharq davlatlariga namuna bo’la olmadi, AQSh bilan munosabatlar g’adir-budur bo’ldi.

Demokratiya bobida Erdog’an avtoritar boshqaruvga qattiq berilib ketdi. Gulenchilarni hukumatga qarshi fitnada ayblar ekan, taniqli ulamo tarafdorlari deb ko’rilayotgan mutasaddilar ishdan olinmoqda.

Masalan, bank va matbuotni nazorat etuvchi organlarda hamda davlat televideniyesida mas’ul xodimlar yangilandi, mingdan ziyod politsiyachi va prokuror lavozimidan bo’shatildi yoki maydaroq ishlarga o’tkazildi.

Parlamentda hukumat tayyorlagan qonun loyihasi muhokama etilmoqda. Bu hujjat bilan Erdog’an Sudyalar va prokurorlar oliy hay’atiga a’zolarni tayinlash va organ qarorlarini tayyorlashda muhim rol o’ynamoqchi. Bu esa kuzatuvchilar nazarida adliya tizimining daxlsizligi va betarafligiga putur yetkazadi.

AQSh Kongressi Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasida maslahatchi lavozimida ishlagan Alan Makovskiy Erdog’anning inqirozlarga munosabat bildirishda hissiyotga berilishini tanqid qiladi.

"Istanbulda G’ozi parkidagi namoyishlarni ham, hozir korrupsiya bilan bog’liq mashmashani ham Erdog’an hissiyotga berilmay hal qilsa bo’lardi. Masalan, hozir achchiq gaplar aytib, keskin yo’l tutishga hojat yo’q edi. Mamlakatda qonun ustuvor deb, tergovga ochiqchasiga g’ov bo’lmay, politsiyachilarni keyin ham birma-bir ishdan olsa bo’lar edi. U o’zini umidini yo’qotgan, ayanchli inson, aybdor kabi tutmoqda", - deydi Makovskiy.

Korrupsiya mashmashasiga qaramay, deydi tahlilchi, Erdog’an hali ham kuchga to’la, xalq orasida obro’si baland va prezidentlikka saylanish imkoniyati yuqori.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG