Turkiya dengizga chiqish masalasida tortishib kelayotgan Efiopiya va Somali o’rtasida vositachilik qilish orqali Afrikada nufuzini oshirmoqda.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan ikki mamlakat vakillari o’rtasida shu oy o’tgan muzokaralarning ikkinchi bosqichi konstruktiv bo’lganini aytdi, garchi tomonlar biror kelishuvga erishmagan bo’lsa-da.
Yanvar oyida Efiopiya 1991-yilda Somalidan ajralib chiqqan Somalilend bilan anglashma memorandumini imzolaganidan beri ikki mamlakat aloqalari sovuqlashdi. Kelishuvga ko’ra, Efiopiya Somalilendni tan olish evaziga dengizga chiqish imkoniga ega bo’ladi. Biroq Somali hujjatni uning hududiy daxlsizligiga tahdid deb atadi.
“Efiopiyaning dengizga chiqishga ehtiyoji bor. Bu Afrikada ikkinchi yirik mamlakat. Iqtisodiyoti o’syapti. Shunga Somali bilan yarashishi kerak, ammo bu yil boshida Somalilend bilan imzolangan kelishuv sabab oson bo’lmaydi”, - deydi geosiyosat bo’yicha mashalatchi Norman Riklefs.
Shu hafta Somali Efiopiya havo yo’llari samolyotlari uchun havo sarhadlarini yopib qo’yishga do’q-po’pisa qildi.
Tahlilchilar Turkiyaning bu ikki mamlakat bilan tarixiy va yaqin aloqalari sabab Anqara vositachi roliga mos kelishini aytadi.
“Turkiyaning eng katta elchixonasi Somali poytaxti Mogadishoda joylashgan. Eng yirik harbiy tayyorgarlik bazasi ham Somalida. Turkiyaning Efiopiya bilan ham uzoq vaqtdan beri aloqalari yaxshi”, - deydi Anqara Ijtimoiy fanlar universitetidan Elem Ayrije-Tepechiklio’g’li.
Yil boshida Somali parlamenti Turkiyaga uning hududiy suvlarini himoya qilishga hamda hududda uglevodorodlarni qidirishda ishtirok etishga ruxsat beruvchi shartnomani tasdiqladi.
Turkiya Efiopiya iqtisodiyotiga yirik sarmoya qilayotgan mamlakatlardan. Anqara Efiopiya-Somali ziddiyatlariga barham bera olsa, dunyoning muhim savdo yo’lida nafaqat diplomatik, balki iqtisodiy yutuqqa ham erisha olishi aytiladi.
“Afrika Shohida Amerika, Xitoy va hatto Yaponiya harbiy bazalarining borligi bejiz emas. Mintaqaning yoqilg’i va agroresurslari yetarlicha rivojlanmagan, tarmoqlar, infratuzilmaga ehtiyoj bor. Xavfsizlik va barqarorlik ta’minlansa, Turkiya kabi mamlakat bularni yaratib berishi mumkin”, - deydi Norman Riklefs.
Somali-Efiopiya muzokaralari sentabrda davom etishi kutilmoqda. Natija ijobiy bo’lsa, Turkiyaning mintaqada nufuzi yanada oshishi mumkin.