Turkiya hukumati mamlakatda va xorijda muxolif matbuotga ko'rsatayotgan tazyiqlari uchun keskin tanqidga uchramoqda. Prezident Rajab Toyyib Erdog'an Anqara siyosatini tanqid qilgan Yevropa Ittifoqini nohaqlikda ayblagach, rasmiy Bryussel yana o'z e'tirozini bildirdi. Ayni paytda Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilish harakati to'xtatib qo'yilgan.
Politsiya "Zamon" gazetasi va "Somonyo'li" telekanali idoralarida reyd o'tkazib, bir necha jurnalist va muharrirni hibsga olgach, Istanbuldagi politsiya mahkamasi oldida norozilik namoyishi o'tkazildi. Yevropa Ittifoqi politsiya harakatini matbuot erkinligining toptalishi deya baholadi.
Prezident Erdog'an Bryussel tanqidiga qarshi e'tiroz bildirib, 28 a'zolik ittifoqni Turkiya ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi.
"Biz bunday qarorlar qabul qilganimizda, Yevropa Ittifoqi nimani o'ylashi, qarorimizni ma'qullashi yoki inkor etishi bizga qiziq emas. Ular bilan ishimiz yo'q", - dedi Erdog'an.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha rasmiysi Federika Mogerini Erdog'anning e'tirozidan hayron. NATOga a'zo Anqara Yevropa Ittifoqiga qo'shilish uchun nomzod sanaladi.
"Prezident Erdog'anning e'tirozlarini ko'rdim va juda ajablandim. Chunki o'tgan oygi tashrif paytida muloqotimiz juda ijobiy kechgan edi", - deydi u.
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frenk-Volter Steynmeyer so'zlariga ko'ra, Turkiyaning xatti-harakati jiddiy tashvishga molik.
Yakshanba kuni yuz bergan reydda 20 dan ortiq jurnalist hibsga olingan. O'tgan bir yil davomida muxolif matbuot hukumatni korrupsiyada ayblab kelayotgan edi. Anqaraning da'vo qilishicha, reyd siyosiy sabablarga ega emas, aksincha, hukumatni ag'darishga qaratilgan maxfiy rejani tekshirish bilan bog'liq.
"Bu huquqiy jarayon. Unga siyosat aralashgani yo'q. Jarayon hukumat yoki biror hukumat a'zosi buyrug'i bilan boshlangani yo'q", - dedi Turkiya Bosh vaziri o'rinbosari Bulent Arinch.
O'tgan yili hukumatga qarshi namoyishlarni kuch bilan bostirgani uchun Turkiya tanqidga qolgan edi. So'nggi oylarda muxolif guruhlarga qarshi politsiya reydlari oshgani kuzatilmoqda. Ommaviy axborot vositalariga qarshi boshlangan politsiya tekshiruvi esa muxolif matbuotni nishonga olgan birinchi yirik kampaniyadir.
"Ular hukumatga qarshi ommaviy axborot vositalari, xolos. Ehtimol, millionlab odamlar ular orqali o'z fikrlarini bildirayotgan edi. Bitta odam tomonidan boshqarilayotgan avtoktarik tuzum endi buni ham cheklamoqchi. Ammo odamlar bunga yo'l qo'ymoqchi emas", - deydi Jurnalist va yozuvchilar jamg'armasi raisi Mustafo Yesil.
Ayrim tahlilchlar esa Turkiyaning so'z erkinligi bo'yicha ko'rsatkichlari azaldan yomon bo'lganini aytadi.
"Chegara bilmas muxbirlar ma'lumotiga ko'ra, Turkiya matbuot erkinligi bo'yicha 180 mamlakat ichida 154-o'rinda turadi. Oxirgi o'n yilda vaziyat yanada yomonlashdi", - deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili Ero'l O'ndero'g'li.
AQSh o'z navbatida Turkiyani eng muhim demokratik qadriyatlarni toptamaslikka chaqirmoqda.