Breaking News

Yevropa-Turkiya: Qochoqlarga oid bitim buzilishi mumkin


Yevropa Ittifoqi va Turkiya rasmiylari muhojirlarga oid kelishuvni saqlab qolishga urinmoqda. Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'li iste'foga chiqqandan beri bitim ijrosi gumon ostida qolmoqda.

15-may kuni xalqaro talabalar yig'inida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Bryusselni yana tanqid qildi. Uning aytishicha, Anqara uch million qochoqni qabul qilgan bo'lsa ham, Yevropa Ittifoqi kuzatishdan boshqa ish qilmayapti.

Yevropa suriyalik muhojirlar taqdiridan ko'ra ko'proq itlar va besoqolbozlar huquqlariga qiziqadi, dedi Erdog'an.

Bu orada Yevropa Ittifoqi vizasiz tartibni joriy qilishdan avval Anqarani terrorga qarshi qonunlarini isloh qilishga chaqirmoqda.

Turkiya Yevropaga kirgan qochoqlarni qaytarib olishga rozi bo'lgach, Bryussel bu mamlakat fuqarolariga Yevropaga vizasiz kirish huquqini va'da qilgan edi. Turkiya-Yevropa aloqalaridagi yangi sahifa sifatida olqishlangan bitimning taqdiri hozir noma'lum bo'lib turibdi, deydi "Global manba hamkorlari" tashkiloti tadqiqotchisi Attila Yeshilada.

"Yevropa bilan integratsiyalashishga bo'lgan urinishlar tugadi. Erdog'an vizasiz rejimni deb terrorga qarshi qonunga o'zgartirish kiritmoqchi emas. Inqiroz yuzaga kelishi mumkin. Chunki partiyaning yetakchi a'zolaridan biri Burhan Kuzu barcha suriyalik qochoqlarni Yevropaga jo'natish kerak, dedi. Shu bois Yevropa bilan inqiroz bo'lishi kutilyapti", - deydi tahlilchi.

Hukumatparast gazetalardan biri hatto suriyaliklarni safarga tayyorlanishga undagan.

Erdog'anning aytishicha, kurd va "Islomiy davlat" terrorchilari tahdid solib turgan paytda terrorga qarshi qonun yumshatilishi emas, balki kuchaytirilishi kerak.

Siyosiy sharhlovchi Kadri Gursel fikricha, muhojirlarga oid kelishuv Prezident Erdog'an va sobiq bosh vazir Dovuto'g'li o'rtasidagi kelishmovchiliklar qurboni bo'ldi.

"Yevropa muhojirlar inqirozini hal qilishda Dovuto'g'lining muvaffaqiyat qozonishiga imkoniyat yaratib berishga urindi. Erdog'an esa o'zidan boshqalarning muvaffaqiyat qozonishini yoqtirmaydi. Shu bois u kelishuvni siyosiy yo'l bilan yo'q qilmoqchi", - deydi Gursel.

Shu oy boshida Erdog'an bosimi ostida Dovuto'g'li bosh vazirlikdan ketdi. Partiyaning yaqin kunlarda bo'ladigan yig'inida hukumatga yangi rahbarning tayinlanishi kutilyapti.

Yevropa rasmiylarining Dovuto'g'lini olqishlab, Erdog'anni qoralashi Turkiya rahbarini yanada g'azablantirdi, deydi kuzatuvchilar. Hukumatga xayrixoh ommaviy axborot vositalari Yevropa bilan erishilgan kelishuvni tanqid qilib, ittifoq rasmiylarini Dovuto'g'lini aldaganlikda ayblamoqda.

Bryussel esa vaziyatni yumshatishga urinmoqda. Muhojirlar yuzasidan bitim tuzilgandan beri Turkiyadan Gretsiyaga kirayotgan qochoqlar oqimi 90 foizga qisqargan.

Tahlilchilar fikricha, Erdog'an kelishuvdan foydalanib, Yevropaga o'z shartlarini o'tkazishga urinmoqda. Ammo bu uzoqqa bormasligi mumkin, deydi Yeshilada.

"Germaniya Tashqi ishlar vazirligi inkor etgan bo'lsa ham, Yevropa rasmiylari qochoqlarni Gretsiya orollariga yig'ib, o'sha yerda ro'yxatga olmoqchi, degan ma'lumotlar bor. Olti milliard yevro yordam pulini Gretsiyaga berishmoqchi. Natijada Turkiyaning Yevropaga qo'shilish rejasi yana muzlatiladi va Yevropa inson huquqlari toptalishi bo'yicha Anqaraga bosimni yanada kuchaytiradi", - deydi tahlilchi.

Germaniya kansleri Angela Merkel kelasi hafta Istanbulda bo'ladigan BMT anjumanida Erdog'an bilan uchrashishi kutilyapti. Kuzatuvchilarning aytishicha, bu uchrashuv qochoqlarga oid bitimni saqlab qolish yo'lidagi so'nggi imkoniyat bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG