Breaking News

Erdog'an: Yevropa Ittifoqi qabul qilmasa, Shanxay tashkilotiga qo'shilamiz


Rajab Toyib Erdog'an
Rajab Toyib Erdog'an

Sharqiy Yevropa mamlakatlari Yevropa Ittifoqiga 10 yil ichida qo'shilgan bir paytda Turkiya o'nlab yil davomida tashkilotga a'zo bo'la olmayapti. Iyul oyidagi davlat to'ntarishiga harakat ketidan minglab odam hibsga olingach, Turkiyaning bu siyosatiga Yevropada tanqid kuchaymoqda, bu esa a'zolik imkoniyatlarini yana ham tushirib yubormoqda. Prezident Rajab Toyib Erdog'an Anqara sharq tomon ketishi haqida ogohlantirmoqda.

Yevropa Parlamenti Turkiya hukumatini qatag'onlarda ayblab, Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish haqidagi muzokaralarni to'xtatib qo'yishi mumkin.

“Erdog'anga qarshi bo'lishning o'zi hibsga olinishga yoki ishdan haydalishga kifoya", - deydi parlamentdagi yashillar guruhi prezidenti Rebekka Xarms.

Uning aytishicha, ittifoq Erdog'anni qattiq ogohlantirib, muzokaralarni to'xtatib qo'yishi kerak.

Biroq Yevroparlamentda bu masala bo'yicha berilgan ovozlar shunchaki ramziy bo'ladi, xolos, chunki a'zolik uchun olib borilayotgan kampaniya hozir faqat qog'ozda.

“Avstriya muzokaralarni davom ettirishga qarshi, demak keyinchalik bu mamlakat veto qo'yishi aniq", - deydi Istanbuldagi Siyosat markazi tahlilchisi Chingiz Aktar.

Unga ko'ra, muzokara to'xtaydimi, davom etadimi, ayni pallada Turkiya rahbarlarining bu bilan ishi yo'q.

Oy boshida Erdog'an O'zbekistondan qaytayotib, Yevropa Ittifoqiga jarayonni tezlashtirishni tavsiya qildi.

“Ittifoqqa qo'shilsak, qo'shilmasak, men uchun bu muhim masala emas", - dedi u.

Erdog'anga ko'ra, Anqara Sharq tomon ketishi ham mumkin.

“Agar Turkiya Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga qo'shilsa, balki biz uchun yaxshiroq bo'lar bu", - dedi u.

Turkiya Shanxay Hamkorlik Tashkilotida hozir kuzatuvchi maqomiga ega. Xitoy uni a'zo bo'lishga da'vat etmoqda, biroq bu NATOga a'zo Turkiya uchun muammo tug'dirishi mumkin.

Turkiya davlat matbuoti so'nggi paytlarda Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari a'zo bo'lgan guruh haqida ijobiy maqolalar bosmoqda. Ammo ayrim kuzatuvchilar nazarida, islomiy g'oyalarni targ'ib qiluvchi Erdog'an islomiy ekstremizm va bo'lginchilikka qarshi kurashni ustuvor deb bilgan tashkilotda o'zini noqulay his qilishi mumkin.

Yana bir turk tahlilchisi, Bryusseldagi Karnegi jamg'armasi xodimi Sinan Ulgenning aytishicha, Erdog'an Turkiyani prezident hukmron respublikaga aylantirmoqchi va bu g'oyani referendumga qo'yishdan oldin tarafdorlari sonini ko'paytirmoqchi.

“Ayniqsa ko'p sonli millatchi turklarni o'ziga qaratish uchun davlat rahbari Yevropa Ittifoqi bilan tortishmoqda", - deydi Ulgen.

"Hurriyat" gazetasi sharhlovchisi Semih Idizga ko'ra esa, islomiy fundamentalizmga qarshi kurashni maqsad qilgan guruhga a'zolik harakatlari Erdog'anni islomiy tarafdorlaridan ayirishi mumkin.

Bosh vazir o'rinbosari Mehmet Shimsek Yevropa Ittifoqiga qo'shilish tarafdori. Aks holda, deydi u, Turkiya uchinchi dunyo mamlakatiga aylanib qolishi mumkin.

Turkiya iqtisodiyotida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalarning 44 foizi, eksportining 66 foizi Yevropa davlatlari hissasiga to'g'ri keladi.

"Yevropadan ajralish yaxshilikka olib kelmaydi", - deydi ekspert Sinan Ulgen.

Boshqa tomondan, muzokaralar to'xtasa, Yevropa davlatlarida Erdog'anning ichki siyosatiga aralashishga sabab bo'lmaydi. Prezident Turkiyada o'lim jazosini tiklamoqchi. Shunday bo'lsa, Yevropa Ittifoqi a'zolikka qaratilgan muloqot avtomatik ravishda muzlatiladi, deya ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG