Turkiya hukumati Amerikada yashovchi turkiyalik imomni o'g'irlash haqida maxfiy muzokara olib borgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.
"Wall Street Journal" nashriga ko'ra, Prezident Donald Trampning xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flinga Pensilvaniya shtatida yashayotgan diniy ulamo Fathulla Gulenni Anqaraga yetkazish uchun 15 million dollar taklif etilgan.
Turkiya hukumati rasmiylari va Flin Nyu-Yorkda yuzma-yuz uchrashib, mavzuni muhokama qilgani, Gulenni shaxsiy samolyotda Turkiyaning Imrali oroliga yetkazish rejalangani aytiladi.
Turkiyaning AQShdagi elchixonasiga ko'ra, ushbu da'volar mutlaqo yolg'on va asossiz. Oq uyda salkam bir oy ishlab ketgan Maykl Flin ham advokatlari orqali shunday bayonot berdi.
Anqara 2016-yilda ro'y bergan davlat to'ntarishiga urinish ortida Fathulla Gulen turganini da'vo qilib, uni vataniga jo'natishni qayta-qayta so'ragan. O'shanda xunrezlikda 240 odam o'lgan, ikki mingdan ziyod kishi jarohat olgan edi. Vashingtonga ko'ra esa Gulenni ekstraditsiya qilish uchun yetarli dalil-isbot taqdim etilgani yo'q.
Facebook Forum