Mahalliy va xalqaro bosimga qaramasdan, Turkiya prezidenti Abdulloh Gul internet saytlarini nazorat qilishga oid bahsli qonunga imzo chekdi. “Amerika ovozi” muxbiri Dorian Jons qonunnga qarshi kurashgan mahallliy faollardan biri bilan suhbatda bo’ldi.
“Vagus.tv” saytida havaskor va professional jurnalistlar ishi namoyish qilinadi. Sayt asoschisi Sardor Akinanning aytishicha, hukumatdagi korrupsiyaga oid bahslar kuchaygan so’nggi ikki oyda bunday saytlarning dovrug’i oshdi. Ammo korrupsiya haqida yozish bizni xavf ostiga qo’ydi, deydi u.
“Vagus.tv” saytida havaskor va professional jurnalistlar ishi namoyish qilinadi. Sayt asoschisi Sardor Akinanning aytishicha, hukumatdagi korrupsiyaga oid bahslar kuchaygan so’nggi ikki oyda bunday saytlarning dovrug’i oshdi. Ammo korrupsiya haqida yozish bizni xavf ostiga qo’ydi, deydi u.
“Biz bosh vazirning korrupsiyaga aralashgani haqidagi gap-so’zlarni yoritgan edik. Birdaniga ikki hafta oldin saytimizni yopib qo’yishdi. 12 kun sayt yopiq qoldi. Mening ishim ancha shov-shuvlarga sabab bo’lgandan keyin, yana uni qayta ochishga majbur bo’lishdi”, - deyi Akinan.
Muxolifatdagi Respublikachi Xalq partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro’g’li parlamentdagi chiqishida nima uchun Vagus sayti yopilgani haqidagi savolni o’rtaga tashladi. Shundan so’ng hukumat saytni qayta ochishga majbur bo’ldi. Ammo uning nima uchun yopilgani va qayta ochilgani haqida hech qanday tushuntirish berilmadi.
Bu Akinanning hukumat bilan birinchi bor munozaraga kirishishi emas. U bir paytlar taniqli jurnalist sifatida mamlakatning yetakchi telekanallarida faoliyat olib borgan.
U o’z vazifasini xolis bajargani, xususan, chiqishlarida Bosh vazir Erdog’anni ham yoritgani uchun hukumat bosimiga uchraganini aytadi.
“Ikki yil avval “Sky Turk” yangiliklar kanalining bosh muharriri bo’lganman. O’shanda olib borgan jurnalistik siyosatim tufayli katta bosimga uchragan edim. Hukumat, ayniqsa, Bosh vazir Erdog’an meni ishdan bo’shatish uchun ko’p uringanini yaxshi bilaman. U bu niyatiga erishdi ham. “Oqshom” gazetasi uchun ham ishlardim. U yerdan ham haydashdi. “Vagus” sayti shu tariqa dunyoga keldi”, - deydi Akinan.
AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi yaqinda e’lon qilgan hisobotlardan birida Turkiyada hukumatning jurnalistlarga bosimni oshirayotgani tanqid ostiga olinadi. Yevropa ittifoqining Turkiya a’zoligiga oid hisobotida ham shunday fikrlar yangragan. Amaldagi hukumat esa ayblovlarni inkor etib, so’nggi yillarda so’z erkinligi faqat yaxshilanayotganini aytadi.
Akinanning yangi sayti o’tgan yili “Gezi park harakati” nomini olgan hukumatga qarshi namoyishlar bilan bir paytda ish boshladi. U hukumat bosimi ostidagi markaziy nashrlar yoritmagan mavzularni tilga olib, omma e’tiborini tortdi. Ammo bunday muvaffaqiyat sayt uchun qimmatga tushdi.
“Gezi park namoyishlaridan so’ng saytga oylik tashrif buyuruvchilar soni ikki millionga yetdi. Bu Turkiya uchun katta raqam. Bunday darajadagi saytlar reklamadan yaxshi daromad qiladi. Lekin men reklama agentliklariga bog’lansam, saytim qora ro’yxatga qo’shilgani bois reklama bera olmasliklarini aytishdi”, - deydi Akinan.
Muammo faqat bu bilan cheklanmadi.
Shu oy boshida hukumat fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashuvchi saytlarni bloklash haqida yangi qonun ishlab chiqdi. Akinanga ko’ra, bu qonun uning biznesini butunlay sindiradi.
“Ilgari nima yaxshi yoki yomonligini faqar sudlar hal qilardi. Hozir esa mansabdorlar, bosh vazir tayinlagan mansabdorlar hukm chiqaradi. Jurnalistlar uchun ortiq adolat qolmadi. Men xotinim bilan Istanbul tashqarisiga ko’chib, dehqonchilik qilmoqchimiz. Hayotimizni endi shunday o’tkazamiz”, - deydi u.
Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, internet va jurnalistlar erkinligini cheklashga qaratilgan harakatlari uchun Anqara yanada ko’proq mahalliy va xalqaro bosimlarga uchraydi.
Bahsli qonunni imzolaganiga qaramay, prezident Gul Turkiyada matbuot erkinligi susayayotganini tan oldi. Uning aytishicha, jurnalistlar adolatsizliklarga qarshi bosh ko’tarish huquqiga ega bo’lishi kerak.