Breaking News

Eron va Turkiya chiqisha olmasa, Yaqin Sharqda tinchlikka erishish qiyin


Tehron va Anqara orasidagi raqobatchilik/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00
Yuklab oling

Turkiya va Eron o’rtasida turli masalalar bo’yicha tafovutlar chuqurlashgani sari Yaqin Sharq bo’ylab yashovchi kurdlar bu ikki davlat qo’lida o’yinchoq.

O'tgan hafta Tehron va Anqara yana bir-biriga qarata tanqid toshlari otdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi nazarida Turkiya Suriyadagi isyonchilarga ko’mak berishi orqali fuqaro urushi tagiga moy quyayapti.

Prezident Rajab Toyib Erdog’an esa Tehronni mojaroga yakun yashash uchun vijdonan ish tutmayotganlikda ayblagan.

Siyosiy tahlilchi Nuray Mert yaqinda Tehronga safar qilgan. Uning aytishicha, ikki mamlakat orasi har qachondigan sovuq.

“Usmoniylar davridan buyon turli inqirozlarga qaramasdan, ikki davlat birga ishlash yo’llarini topgan edi. Lekin ular Suriya sinovidan o’ta olmadi. Eron nazarida Turkiya mazhabchilik yo’liga o’tgan. Eronliklar sunniy mazhabchilikni eng katta tahdid deb biladi”, - deydi Nuray Mert.

Turkiyaning ham, Eronning ham katta sonda kurd jamoasi bor. “Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idizga ko’ra, mintaqaviy raqobatchilikda har ikki davlat kurdlardan ko’p foydalangan.

“Sir emaski, Eron o’zi kurd bo’lginchilariga qarshi kurasha turib, kurdlarga yordam bergan. Bu regionda kurdlar masalasi murakkab”, - deydi sharhlovchi.

Turkiya hukumati Kurdiston ishchilar partiyasi nomi ostidagi isyonchilar bilan qariyb 30 yil kurash olib bordi. Anqara ba’zida Eronni ularga ko’maklashayotganlikda ayblasa, ikki tomon birgalashib bu guruhga qarshi kurashgan vaqtlar ham bo’lgan.

Joriy yilda Turkiyadagi hukmron partiya a’zolari Tehronni Anqara va kurdlar orasidagi sulhni barbod qilishga uringanlikda ayblagan.

Eron Kurdiston ishchilar partiyasi bilan til biriktirgani haqidagi da’volarni inkor etadi. Lekin Turkiya kurdlar bilan tuzgan sulh darz ketishi mumkin, chunki Anqara qo’shni Suriyada “Islomiy davlat” ekstremistlariga qarshi chora ko’rishga shoshmadi. Kurdlar yashovchi Kobani shahri muntazam hujum ostida.

“Eron bu vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qiladi. Bu davlat agentlari butun Turkiya bo’ylab, ayniqsa janubi-sharqda faoliyat olib bormoqda. Ular nimalarni rejalayotgani hech kimga ma’lum emas”, - deydi xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis Soli Ozel.

Boshqa tahlillarga ko’ra, Eron “Islomiy davlat”ga qarshi harakatlari evaziga G’arb bilan aloqalarini yaxshilamoqda va kurdlarni Turkiyaga qarshi qayrashgacha bormaydi.

Tehron kelib aralashgunga qadar, Anqara o’zini Iroqdagi kurdlarning himoyachisi va savdo hamkori qilib ko’rsatayotgan edi. Bundan maqsad o’z nufuzini oshirish, deydi kuzatuvchilar.

“Milliyet” gazetasi jurnalisti Kadri Gursel fikricha esa Eronning kurdlarga o’z ta’sirini o’tkazishi qiyin chunki o’rtada Amerika bor. AQSh Suriya va Iroqdagi kurdlarga qurol-aslaha yetkazib turibdi. Yordamni ular Tehrondan emas, Vashingtondan kutadi.

“Amerika mintaqada faolligini oshirar ekan, kurdlar Eron bilan bitta davrada ko’rilishini istamaydi”, - deydi Gursel.

Tehron va Anqara o’rtasida raqobat shu zaylda davom etaveradi. Raqobatchilik ko’lami esa AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatiga hamda kurdlar uning strategiyasida qanday rol o’ynashiga bog’liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG