Eron yadro dasturiga bag’ishlangan so’nggi muzokaralarning ijobiy yakuni Anqarada Tehron bilan savdo aloqalarini kuchaytirish umidini uyg’otdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri qo’shnilar bilan savdoni kengaytirish haqida gapirgan bo’lsa, yana bir hukumat mulozimi Eronda turk banklari xizmatini qayta ochish masalasini ko’targan.
Anqara Eronning yadro dasturiga oid muvaffaqiyatni tijorat uchun yaratilgan katta imkoniyat sifatida ko’rmoqda. Noyabr oyida erishilgan kelishuvga ko’ra, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li Eronga tashrif buyurdi. O’tgan uchrashuvlarda savdo aloqalari asosiy muhokama mavzusi bo’lgan.
Dovuto’g’lining aytishicha, Turkiya Eron bilan savdo hajmini 30 milliard dollarga, 2020-yilgacha esa 100 milliard dollarga oshirish niyatida.
Hozir ikki tomonlama savdo aylanmasi 20 milliard dollar atrofida. Uning aksariyati Turkiyaning energiya importiga to’g’ri keladi. Energiya manbalariga muhtoj Turkiya Eron gazining eng katta xaridori hisoblanadi.Anqara Eronning yadro dasturiga oid muvaffaqiyatni tijorat uchun yaratilgan katta imkoniyat sifatida ko’rmoqda. Noyabr oyida erishilgan kelishuvga ko’ra, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li Eronga tashrif buyurdi. O’tgan uchrashuvlarda savdo aloqalari asosiy muhokama mavzusi bo’lgan.
Dovuto’g’lining aytishicha, Turkiya Eron bilan savdo hajmini 30 milliard dollarga, 2020-yilgacha esa 100 milliard dollarga oshirish niyatida.
“Global manba hamkorlari” nomli konsalting kompaniyasi xodimi Attila Yesiladaning aytishicha, Eronga turk mollarining kirib kelishi ham ko’payishi kutilmoqda.
“Turkiya sifatli tovarlar ishlab chiqara oladigan sanoatga ega. Bizda qishloq xo’jaligi mahsulotlari, xususan, meva va sabzavotlar sifati yuqori. Eron xalqaro hamjamiyatdagi ilgarigi o’rniga qaytadigan bo’lsa, eskirgan sanoatini yangilash hamda infratuzilmani rivojlantirish yo’lidan boradi. Bularning barchasi Turkiya iqtisodiyoti uchun foyda”, - deydi turk tahlilchisi.
Xalqaro sanksiyalarga qaramay, Turkiyaning Eronga eksporti o’sib bormoqda. Agar jazo choralari yengillashtirilsa, bu o’sish davom etadi, deydi Turkiyaning Moliya banki bosh iqtisodchisi Inan Demir.
“Eronga turk mollari oqimi oshadi. Ammo buning aniq miqdorini hozirdan aytish qiyin. Joriy yilning dastlabki 9 oyida Turkiya Eronga 3,7 milliard dollarga teng tovar sotgan. Bu shu paytgacha erishilgan eng katta ko’rsatkich”, - deydi u.
Turkiya Iqtisodiyot vaziri Zafar Chag’layan turk banklarini Eronda o’z xizmatlarini qayta ochishga chaqirdi.
Ammo iqtisodchi Demirning aytishicha, Eronga nisbatan moliyaviy jazo choralarining ko’tarilishidan turk banklari yutqazishi mumkin.
“Sanskiyalar yengillashi bilan Eron xorijdagi tashqi valyuta zahiralarini o’z mamlakatiga qaytarish imkoniyatiga ega bo’ladi. Shunday zahiralar olinadigan davlatlardan biri Turkiya bo’ladi. Demak, xorijiy valyuta va oltin Turkiyani tark etishi mumkin. Shuni ham hisobga olish kerak”, - deydi iqtisodchi Demir.
Bu jarayonda hammasini hal qiladigan asosiy kuch iqtisodiyot emas, siyosat, deydi tahlilchi Yesilada.
“Eron Turkiyani asosiy savdo hamkori sifatida ko’rishiga kafolat yo’q. Eron Turkiyani qanday bo’lsa, shundayligicha qabul qiladi. Ularning mintaqada ko’zlagan rejalarini amalga oshirishida asosiy to’siq bizmiz va amalda G’arbning ittifoqchisi sifatida biz Eronning mintaqadagi bosh raqobatchisi hisoblanamiz. Afsuski, bu shunday mintaqaki, u yerda savdodan diplomatik qurol sifatida foydalaniladi. Bu yerda bozor qonunlari muhim rol o’ynamaydi”, - deydi u.
Suriya masalasida ham Turkiya va Eron munosabatlari keskin. Chunki har ikki tomon ixtilofda qarama-qarshi guruhlarning yonini olgan. Ammo shunday ziddiyatlarga qaramay, iqtisodiy hamkorlikni davom ettirish maqsadida yangi diplomatik yondashuv olg’a surilmoqda.