Breaking News

Turkiya adliyasining islohot dasturi tahlil ostida


Inson huquqlari faollari Anqarada namoyish qilmoqda, Turkiya, 4-aprel, 2012-yil
Inson huquqlari faollari Anqarada namoyish qilmoqda, Turkiya, 4-aprel, 2012-yil
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti Turkiya taklif qilayotgan adliya tizimidagi islohotlarni xom deya, tanqid qilmoqda. Turkiya Inson huquqlari bo’yicha Yevropa konvensiyasining ilg’or buzg’unchilaridan biri hisoblanadi.

Turkiya Adliya vaziri Sa’dulla Ergin da’vosicha, taklif etilayotgan islohot dasturi oy boshida parlamentga taqdim etilgan bo’lib, Turkiyaning Yevropa sudidagi imijini yaxshilashga qaratilgan.

Vazir Turkiya inson huquqlari bobida qit’ada ko’p qoida buzganini tan olarkan, qonunbuzarliklarning barchasi o’rganilganini aytadi.

"Qonunchiligimizdagi kamchiliklardan kelib chiqqan bu xatolarni tuzatish uchun mana shu rejani ishlab chiqdik", - deydi u.

Rejada qiynoq hollari bo’yicha qo’zg’atilgan jinoiy ishlar muddatiga qo’yilgan cheklovni bekor qilish, terror gumoni bilan hibsga olingan shaxslarni tovon hisobiga ozod etish shartlarini yengillashtirish, terrorchilikni targ’ib qilish haqidagi ziddiyatli qonunni o’zgartirish taklif qilinadi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar va Yevropa Ittifoqi dasturni olqishlamoqda. Biroq AQShda joylashgan Human Rights Watch tashkilotining Turkiya bo’yicha mutaxassisi Sinkler Veb nazarida, hujjat bo’sh ishlangan.

"Qamoqxonadagilarning aksariyati terror tashviqoti uchun emas, qurolli guruhga aloqadorligi uchun qamalgan. Bu kabi ayblovlarda ko’p dalil, isbot kerakmas. Har qanday harakatni terror tashkilotidagi faoliyat deb belgilash mumkin, garchi ayblanuvchi zo’ravonlikni oqlamagan yoki qonli harakatga bevosita aralashmagan bo’lsa-da", - deydi Sinkler Veb.

Turkiyaning amaldagi aksil-terror qonuniga ko’ra, biror terror guruhi qarashlarini aks ettiruvchi so’z yoki jumlani aytgan har bir inson terror tashkilotiga a’zo sifatida ko’rilishi mumkin.

Bu qonun ketidan ko’plab jurnalistlar qamaldi. Huquq tashkilotlari va Yevropa Ittifoqiga ko’ra, Turkiya dunyoda eng ko’p muxbirlarni qamagan davlat.

2001-yildan beri jahon bo’ylab terrorizmda ayblanib qamalgan 38 ming odamning uchdan biri turk qamoqxonalarida o’tiribdi. Aksariyat jinoiy ishlar kurd faollariga qarshi qo’zg’atilgan. Ular Kurdiston ishchilar partiyasining a’zosi sifatida ayblangan. Guruh Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terror tashkiloti deb rasman belgilangan.

Kurdlarga nisbatan xayrixohligi bilan ma’lum Tinchlik va demokratiya partiyasining vakili Gultan Kisanakning aytishicha, adliya islohotini chuqurlashtirish kerak.

"Hozirgi dastur aksil-demokratik qonunlarga barham berish uchun yetarli emas. Parlament vaqtini bekorga sarflayapti. Kurdlar huquqlarini cheklovchi qonunlarni tuzatish, minglab kurd mahbuslari huquqlarini tiklash kerak", - deydi Kisanak.

Bu o’rtada rasmiy Anqara kurd jangarilari bilan muzokaraga kirishib, ko’p yillik mojaroga chek qo’yishga harakat qilmoqda. Jangarilar o’tgan hafta sulh e’lon qilgan. Human Rights Watch nazarida hukumat kurd faollarini ozodlikka chiqarsa, muzokaralar osonroq kechadi.

Biroq bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, Kurdiston ishchilar partiyasi Turkiyadan chiqib, qurolsizlanmaguncha, murosa yoki muzokaraga rasmiy tus berish haqida gap bo’lishi mumkin emas.

Adliya vaziri qonunchilikdagi islohotlar Turkiyani Yevropa sudi andozalariga moslashtirish uchun qaratilganini aytib, islohotlar va tinchlik jarayoni o’rtasida bog’liqlik yo’q, deydi.

Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudining sobiq sudyasi, hozir esa asosiy muxolif partiya a’zosi Rizo Turmen islohotlar sezilarli o’zgarishlarga yetaklashiga ishonmaydi.

"Shu paytgacha uch marotaba islohotlar qabul qilingan bo’lsa, o’zgarishlar yuzaki bo’lgan xolos, umumiy vaziyat mamlakatda o’zgarmadi. Bu safar ham pichoqqa ilinadigan o’zgarish bo’lmaydi, inson huquqlari buzilishda davom etadi, deb o’ylayman", - deydi sobiq sudya.

Yevropa sudida ayni damda Turkiyaga aloqador 17 ming shikoyat to’planib qolgan. Bu borada Turkiya Rossiyadan keyin ikkinchi o’rinda. Agar bundan keyin sud ishlari kamayib borsa, shundagina islohotlar muvaffaqiyati haqida gapirsa bo’ladi, deydi tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG