Breaking News

Turkiya Iroq Kurdistonidan neft olmoqchi, Bag'dod norozi


Iroq bosh vazirining energetika masalalari bo'yicha o'rinbosari Husayn Shahristoniy (chapda) va Turkiya energetika vaziri Taner Yildiz Bag'dodda, 1-dekabr, 2013-yil
Iroq bosh vazirining energetika masalalari bo'yicha o'rinbosari Husayn Shahristoniy (chapda) va Turkiya energetika vaziri Taner Yildiz Bag'dodda, 1-dekabr, 2013-yil
Iroq Turkiyadan Kurdistondagi mintaqaviy hukumat bilan neft bobida ish qilmaslikni so’ramoqda. Kurdiston shu oy Turkiyaga neftni eksport qilishni boshlashi mumkin.

Iroq hukumati Anqara va Iroq Kurdistoni o’rtasida neft savdosiga doir har qanday bitimga qarshi chiqmoqda. Rasmiy Bag’dod neft bilan yolg’iz markaziy hukumat ish qilishi mumkinligini aytsa, Turkiya va Kurdiston ma’muriyati o’zgacha fikrda.

So’nggi paytda o’rtada energetika bobida hamkorlik kuchaygan, deydi Bryusseldagi Karnegi institutida ishlayotgan turkiyalik olim Sinan Ulgen.

"Anqara va Kurdiston ma’muriyati neft va gaz sohalarida qator shartnomalarni imzolagan", - deydi u.

Tomonlar so’nggi yillarda muzokaralar o’tkazib, neft va gaz savdosi, quvurlar qurilishi va geologik razvedka xususida gaplashgan. Turkiya Iroq shimolida muxtoriyat shaklida boshqarilayotgan gaz va neftga boy Kurdiston yordamida energetik taqchillikni hal etmoqchi. Turkiyaning o’zida tabiiy resurslar kam bo’lib, yonilg’ining katta qismi Rossiya va Erondan olinadi.

Biroq Turkiyaning Kurdiston bilan hamkorligi nafaqat Bag’dod, balki Vashingtonga ham yoqmayapti, deydi “Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idiz.

"Har ikkisining e’tirozi shuki, Turkiya kurdlar bilan aloqani kuchaytirib, Iroq hududiy yaxlitligiga raxna solmoqda. Bag’dod Anqaradan Iroq territorial daxlsizligini zaiflashtirmaslikni so’rab, undan bu borada aniq qadamlar kutib qoladi", - deydi tahlilchi.

Markazning bu xavotirlariga barham berish uchun Kurdiston mintaqaviy hukumatining bosh vaziri Nechirvan Barzaniy Bag’dodda muzokara qilishi kutilmoqda. O’tgan chorshanba kuni Barzaniy Turkiyada bo’lib, bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashgan edi.

Turkiyaning Kurdiston hukumati bilan energetika sohasidagi hamkorligi Bag’dod bilan uzoq yillik tarang munosabatlar ortidagi muhim omillardan edi. Hozirda shu aloqalarni tiklash harakatlari avjida.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Levent Gumrukchuning aytishicha, hozir buning uchun qulay sharoit bor.

"Do’stlar o’rtasida, qo’shnilar o’rtasida doim ham gap bir joydan chiqavermaydi. Jiddiy va mazmunli muloqotning bo’lishi juda muhim va hozir Iroq hukumati bilan shunday muloqot olib boryapmiz. Bir xil fikrlamasak-da, imkon qadar aloqada bo’lishga harakat qilyapmiz", - deydi Turkiya rasmiysi.

Energetika sohasidagi ekspertlar so’zlariga ko’ra, Kurdiston mintaqaviy hukumati Turkiya yordamida yaqin yillarda dunyoning yirik gaz va neft eksportyoriga aylanishi mumkin. Bu nafaqat Turkiyaning yonilg’iga bo’lgan ehtiyojlarini qoplashda muhim rol o’ynaydi, balki Anqarani xalqaro energetika markaziga ham aylantirishi mumkin.

"Turkiya Bag’dod uning Kurdiston bilan bitimiga aralashishda davom etishi mumkin emas degan fikrda, deydi tahlilchi Sinan Ulgen. Bag’dodni ham sherik qilib olishsa, kamroq muammo bo’lardi, ish osonroq kechardi, ammo Anqara Iroqqa veto huquqini berib qo’ymoqchi emas, chunki energetika bobidagi munosabatlar Turkiya uchun juda muhimdir", - deydi u.

Kurdiston bosh vaziri Barzaniyning aytishicha, Iroq shimolidan qazib olinayotgan neftning birinchi partiyasi yil oxirigacha Turkiyaga yetkazilishi kutilmoqda. Ammo uchchala tomon o’rtasida vujudga kelgan taranglikni yumshatish uchun vaqt oz qolmoqda, deydi tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG