Breaking News

Turkiya rahbariyati kurdlar isyoniga barham berish harakatida


TURKEY-KURDS/MILITARY / Reuters
TURKEY-KURDS/MILITARY / Reuters

Turkiya hukumati mamlakatda etnik nizolarga zamin hozirlagan kurdlar muammosini qanday hal qilish bo’yicha muxolifat bilan fikr almashmoqda. Bosh vazir Toyyib Erdog’an hamda muxolif partiya yetakchisi o’rtasida o’tgan yig’inda kurdlar masalasi bosh mavzu bo’lgan.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an va muxolifatdagi “Jumhuriyat xalq partiyasi” rahbari Kamol Qilichdoro’g’li o’rtasidagi uchrashuvda noqonuniy PKK-Kurdiston ishchilar harakatining qonli isyoniga barham berish yo’llari ustida so’z borgan.


Tashabbus mualliflaridan biri sobiq elchi Foruq Logo’g’liga ko’ra, uchrashuv samarali kechgan.


Muxolifat muloqat uchun ochiq va takliflarni qabul qiladi, deydi u.


10 banddan iborat reja ko’ppartiyaviy a’zolardan iborat maxsus komissiya hamda parlamentdagi to’rt partiya tomonidan tanlab olingan 12 kishilik ishchi guruhi tuzishni taklif etadi.


Kurdlar manfaatini himoya qiluvchi Tinchlik va Demokratiya partiyasi ham loyihani qo’llab quvvatlashini ma’lum qilgan. Hokimiyatdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi rahbari o’rinbosari Umar Chelik tashabbusni xush qabul qilsa-da, siyosiy guruhlarning loyiha bo’yicha bir yoqadan bosh chiqarishiga shubha bildirgan.


“Partiyamiz, umuman olganda, barcha partiyalarning komissiyada ishtirok etishi haqidagi taklifga qarshi emas. Ammo eng katta muammo barchaning ishtirok etishini ta’minlashda. Millatchi harakat partiyasi bunga qattiq qarshilik qilishi kutiladi, ammo ularning ishtiroki juda muhim”, - deydi u.

Bosh vazir bilan bo’lib o’tgan uchrashuvdan oldin Millatchi harakat partiyasi rahbari Davlat Bahchali kurdlar loyihasini amalga oshirish terrorizmni taqdirlash bilan barobar ekanini aytgan edi.


Kurdiston ishchilar partiyasi foallarining jangari amaliyotlari so’nggi oylarda yanada kuchaygani kuzatilmoqda. Bunga javoban kurd isyonchilariga qarshi kurash ham keskinlashdi. Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan Kurd tashabbusi loyihasi muvaffaqiyatsiz yakunlangani buning asosiy sabablaridan biri deb baholanadi.


Shuningdek, o’tgan yilgi saylovlarda Bosh vazir Toyyib Erdog’an turk millatchilari ovozini o’ziga og’dirish maqsadida kurdlar isyonini “terrorizmdan boshqa narsa emas”, deya atagan edi. Toyyib Erdog’anning bu boradagi qarashlari hanuz o’zgargani yo’q.


Milliyat gazetasining siyosiy sharhlovchisi Asli Aydintasbasning aytishicha, kurdlar muammosini hal etish tashabbusi ilk bor muxolifat tomonidan olg’a surilmoqda


“Ular birinchi marta Kurd masalasini jiddiy qabul qilmoqda va hukumatni muammoni yechish yo’llari haqida o’ylashga majburlamoqda. Ikki tomon yetakchilari bir-birini yoqtirmaydi, ammo ayrim masalalarning o’z dinamikasi mavjud. Bu narsa mamlakatdagi iqlim va atmosferani butunlay o’zgartirib yuborishi mumkin”, - deydi u.


Tashabbus ortida turgan omillardan biri hududdagi keskin vaziyat bo’lishi ham mumkin. Chunki Turkiyaning kurdlar istiqomat qiluvchi janubi-sharqiy hududi yana kurd aholiga ega Suriya va Iroq bilan chegaradosh.


Qodir Hos universitetining xalqaro munosabatlar bo’yicha mutaxassisi Soli O’zelning aytishicha, kurdlar masalasi faqat mahalliy muammo emas, shuning uchun Anqara o’z yondashuvini o’zgartirmog’i lozim.


“Misol, Iroq kurdlari deyarli hamma narsada mustaqil. Suriya kurdlari ham, mamlakatdagi isyon qanday tugashidan qat’i nazar, boshqacha maqomga ega bo’ladi. Kurdlar masalasi hozir davlatlar va chegaralarni oshib o’tuvchi muammoga aylangan. Ularning milliy o’zligi ham oshib bormoqda”, - deydi O’zel.


Hukumatdagi “Adolat va Taraqqiyot” partiyasining ogohlantirishicha, kurdlar isyonini tugatishga qaratilgan so’nggi tashabbus bo’yicha pariyalar bir necha hafta ichida bir qarorga kelishi lozim. Kuzatuvchilarga ko’ra, buning amalga oshishi mushkul, ammo hududiy beqarorlik kuchayib borayotgan bir paytda tomonlarning isyonni tugatishga bo’lgan xohishi ham o’sib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG