Rajab Toyib Erdog'anning Turkiya prezidenti bo'lgandan keyin ham mamlakat siyosatidagi asosiy shaxs sifatida qolishga urinishi hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasida bo'linishlarga sabab bo'lmoqda. Bu iyun oyida bo'ladigan parlament saylovlarida kimlarning nomzodini olg'a surish masalasida yaqqol ko'zga tashlanmoqda.
Mamlakatni kim boshqarishi kerak, degan masala atrofida Bosh vazir o'rinbosari Bulent Arinch hamda Prezident Erdog'an o'rtasida kelishmovchilik chiqqach, Turkiya Bosh vaziri Ahmed Dovuto'g'li, fikrlar rang-barangligi har doim bo'ladi, deya bahsni yopishga urindi. Ularning barchasi bir partiyaga mansub bo'lsa-da, Erdog'anning siyosiy faolligi boshqa yetakchi rasmiylar noroziligiga sabab bo'lmoqda.
O'tgan oy mamlakatning razvedka idorasi rahbari Hoqon Fidan bosh vazir tavsiyasi bilan o'z lavozimidan ketib, parlament saylovida qatnashishini bildirgan edi. Ammo Prezident Erdog'an bunga keskin qarshi ekanini bildirgach, Fidan fikridan qaytganini ma'lum qildi.
Istanbuldagi Qodir Xosh universiteti tadqiqotchisi Soli O'zelga ko'ra, saylovga kimlar nomzod bo'lishini belgilash siyosiy kelishmovchiliklarga sabab bo'lmoqda.
"Bu munozara nomzodlar ro'yxati e'lon qilinishidan ikki hafta oldin boshlandi. Har hafta yangi gaplar chiqyapti. O'tgan oy Fidan iste'fo berganda, Dovuto'g'li nazorat qilayotgandek ko'rindi. Fidan yana ishiga qaytgach, Erdog'anning qoli baland kelgandek bo'ldi. Agar ro'yxatni Erdog'an tuzadigan bo'lsa, Dovuto'g'li nomiga boshqarayotgani yanada ayon bo'ladi. U saylovlarda yutsa ham, o'z partiyasini boshqara olmagani uchun ta'siri kam bo'ladi", - deydi tahlilchi.
Konstitutsiya bo'yicha, prezident hukmron partiya bilan aloqalarini butunlay uzishi kerak. Ammo Erdog'an partiyani boshqarishda davom etish niyatini yashirmayapti.
Marmara universiteti siyosatshunosi Yuksel Taskinning aytishicha, prezident nomzodlar ro'yxatini boshqarish orqali o'z siyosiy kelajagini himoya qilmoqchi.
"Erdog'an uchun eng muhimi hokimiyat. Uzoq vaqtlardan beri u yosh, sadoqatli odamlarni, ayrim akademik va jurnalistlarni o'z atrofiga yig'ishni rejalayapti. Uning yagona tashvishi mutlaq sadoqatni qo'lga kiritish. Partiya ichidan kimdir uni ag'darib tashlashi mumkinligidan qo'rqadi. Agar hokimiyatni boy bersam, qamoqqa tushishim mumkin, degan hadigi bor", - deydi u.
Erdog'an ortiq "Adolat va taraqqiyot" partiyasi a'zosi sanalmasa ham, partiya ichida hanuz kuchli tarafdor va qo'llab-quvvatlovchilarga ega.
Bosh vazir Dovuto'g'li Erdog'anchalik obro' va yetakchilik mahoratiga ega emas; shuning uchun u prezident bilan munozaraga kirishdan o'zini olib qochadi, deydi Taskin.
"Dovuto'g'li ochiq munozaraga kirishga tayyor emas. Ammo u sekin-asta harakat qilyapti. Dovuto'g'li uchun eng muhim masala partiyani va Turkiya Bosh Milliy Assambleyasi a'zolari kelajagini nazorat qilish", - deydi tahlilchi.
Dovuto'g'li ham hukumatga kelganidan beri yaqin odamlarini yig'ishni boshlagan. Nomzodlar ro'yxati yuzasidan bahslarning qanday natija bilan tugashi nafaqat partiya, balki mamlakat taqdiriga ta'sir qilishi mumkin, deydi siyosiy sharhlovchi Asli Oydintoshbosh.
"Agar ro'yxat Erdog'an istagandek bo'lsa, saylovdan keyin Erdog'anni hukumat tepasidagi asosiy odam bo'lishini ta'minlovchi yangi konstitutsiya qabul qilish yo'lidan boriladi. Agar Dovuto'g'li va amaldagi hukumat xohlagan odamlar kelsa, Erdog'an istaganidek bo'lmasligi mumkin", - deydi u.
Erdog'an deyarli har kuni mamlakat bo'ylab safarlarga chiqib, Turkiyani parlamentar tizimdan prezidentlik boshqaruviga o'tkazish kerak, degan fikrni olg'a surmoqda. Bosh vazir Dovuto'g'li bu masalada jim. Har ikki yetakchi jamoatchilik oldida bir-biriga qarshi chiqishni istamasa-da, kuzatuvchilarga ko'ra, sahna ortida jiddiy munozara ketmoqda.