Turkiyada koronavirusga uchrash holatlari keskin kuchayishi ketidan mamlakatda 17-maygacha lokdaun e’lon qilingan. Bu gal cheklovlarning har qachongidan qattiq ekani aytilmoqda.
Politsiya komendant soatini nazorat qilyapti. Zaruratsiz ko’chaga chiqqan odamlar jazoga tortilmoqda.
Do’konlarning yopilgani Istanbulda, asosan, savdo bilan shug’ullanuvchi aholiga qattiq zarba bo’ldi.
“O’tgan yilgi zararni endi-endi qoplashga kirishgan edik. Yoz kelib hayot normallashayotgan, odamlar bozorlarga qaytayotgan edi. Afsuski, yana eski holatga qaytadigan bo’ldik. Ahvolimiz ancha og’irlashadi yana”, - deydi Taylan ismli savdogar.
Oldingi cheklovlar va kasalxonalarda ahvolning yaxshilanishi koronavirus kasallarining kamayishiga sabab bo’ldi. Natijada hukumat cheklovlarni yumshatdi. Prezident Rajab Toyib Erdog’an esa mamlakat bo’ylab ko’p sonli namoyishlarda qatnashdi.
Biroq bir necha hafta ichida virus yuqtirish sur’ati besh baravar kuchayib, Turkiya bu borada Yevropada birinchi o’ringa chiqib oldi.
“Hukumat iqtisodiy qiyinchiliklarni ko’rib turibdi, odamlar qashshoqlashgan. Hukumat ularga yordam bera olmayapti. Shunga hamma narsani ochib tashlashdi”, - deydi Turkiya Tibbiy uyushmasi rahbari Shabnam Korur Finjanji.
Xitoy vaksinalari ta’minotidagi uzilish mamlakat bo’ylab emlash dasturining turib qolishiga sabab bo’ldi. Bu ham vaziyatning yomonlashishiga hissa qo’shdi. Anqara endi Rossiya bilan kelishdi. Shu oydan boshlab “Sputnik V” vaksinalari yetkazilishi kutilmoqda.
Qashshoqlikka qarshi kurashuvchi tashkilotlar hukumat yordamisiz qolgan aholi ahvolidan xavotirda.
“Odamlarni vahima bosgan. Ularda yegulik yo’q, suv yo’q, kommunal xizmatlar uchun to’lovlarga, ijara haqini to’lashga pul yo’q. Haqiqiy vahima bosgan”, - deydi “Chuqur qashshoqlik tarmog’i” tashkilotidan Xeyser Fogo.
Rasmiylar so’nggi lokdaun iqtisodiyotni va ayniqsa sayyohlik mavsumiga hozirlik ko’rayotgan turizm sektorini qutqaradi degan umidda.
Ungacha esa istanbulliklar xayriya va sadaqa hisobiga kun kechirishga harakat qilyapti.
Agar hukumat tuzishga qaratilgan harakatlar yana natija bermasa, mamlakat yangi saylovlarga yuz tutadi.
Facebook Forum