Turkiyaning Shonliurfa shahri yaqinida joylashgan Go'beklitepa ibodatxona majmuasi dunyodagi eng qadimiy megalitik, ya'ni yirik toshlardan barpo etilgan inshoot hisoblanadi. U Misrdagi ehromlardan ham, Britaniyadagi Stounhenjdan ham ko'hnaroq.
“Go'bek” so'zi turkchada “qorin” degan ma'noni anglatadi, ya'ni bu yerni o'zbekchasiga Qorinlitepa deyish mumkin. Tarixi neolit davriga, qariyb 12 ming yil avvalga borib taqaladigan mazkur majmuani ovchilik bilan kun kechirgan odamlar barpo etgan.
Go'beklitepa olimlarning insoniyat tarixi to'g'risidagi tasavvurlarni o'zgartirib yubordi: avvallari ovchilik bilan kun ko'rgan qadimiy odamlar ko'chmanchi kichik guruhlar bo'lib yashagan deb hisoblanar edi, biroq bu yerdagi topilmalar mahalliy odamlarning anchayin yirik jamoa tarzida yashaganini ko'rsatdi.
Majmuani barpo etishda qullar mehnatidan foydalanilgan deb taxmin qilinadi, bu esa ovchilik bilan kun kechirgan qadimiy odamlarga xos emas. Qolaversa, o'sha davrlardayoq ibodatxona majmuasining qurilgani ijtimoiy tabaqalashuv olimlar o'ylaganidan ertaroq boshlanganini anglatadi. Go'beklitepaning topilishi dehqonchilik bilan shug'ullanish insoniyatning o'troqlashuviga turtki bergan degan fikrni shubha ostiga qo'ydi.
Go'beklitepada o'tgan asrning 60-yillarida birinchi bo'lib turk va amerikalik olimlar tadqiqot olib bordi. Xususan, amerikalik arxeolog Piter Benedikt bu yerda Vizantiya davriga oid qabriston bor deb o'ylagan edi.
Majmuaning hozir sayyohlar uchun ochiq qismida yumaloq shakldagi to'rtta ibodatxona mavjud. Ular "T" harfi shaklidagi 10-12 ta ustun bilan o'ralgan bo'lib, oralariga toshlardan devor urilgan. Markaziga esa ikkita tosh ustun ro'parama-ro'para o'rnatilgan. Ba'zilarining bo'yi 5,5 metrga yetadigan ustunlarda asosan turli hayvonlar va parrandalarning o'yib va bo'rtiq shaklda ishlangan tasvirlari mavjud.
O'tkazilgan tadqiqotlar Go'beklitepada bunday ustunlar soni 300 atrofida bo'lishi mumkinligini ko'rsatdi. Olimlarning fikriga ko'ra, bu ustunlar inson timsolidir, ya'ni ularning doirasimon shaklda turishi hamjihatlikni anglatadi. Ko'pchilikni esa bir savol qiziqtiradi: 10-15 tonna og'irlikdagi tosh ustunlar bu yerga qanday olib kelingan?
“Ushbu toshlar bu yerga 500 metr, 1-2 kilometr uzoqlikdagi qoyalardan qo'porilib, to'sinlarning ustida yuzlab kishilar tomonidan sudrab olib kelingan va avvaldan tayyorlangan joyga o'rnatilgan. Ustunlarga oxirgi ishlov shu yerning o'zida berilgan deb o'ylaymiz. Ustunlarga hayvonlarning tasviri nima uchun tushirilgani haqida yakdil fikr yo'q. Balki qadimgi odamlar ana shu hayvonlardan himoyalanish maqsadida duo qilgan bo'lishlari ham mumkin”, - deydi arxeolog Muslim Demir.
Uning aytishida, Go'beklitepada ilk bor nemis olimi Klaush Shmidt qazishma olib borgan va qazishmalar hali ham davom etmoqda. Bu yer ziyorat markazi bo'lgan va odamlar ibodat qilish uchun uzoq joylardan kelgan deb faraz qilinadi. Hozir esa bu yerdan sayyohlarning qadami uzilmayapti: Turkiya hukumati 2019-yilni Go'beklitepa yili deb e'lon qilgan.
Go'beklitepa majmuasi qariyb 10 ming yil avval tark etilgan. Eng qizig'i, ibodatxonalar atayin ko'mib tashlangan. Olimlar buning aniq sababini hozircha ayta olishmayapti, taxminlardan biri esa quyidagicha: ming mashaqqat bilan bunday ibodatxonalar qurgan odamlar o'z e'tiqodidan voz kechgan bo'lishi mumkin.
Facebook Forum