Breaking News

Turkiya va Yevropa Ittifoqi migrantlar bo'yicha kelisha olmayapti


Gretsiyadagi migrantlar
Gretsiyadagi migrantlar

Hafta boshida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan Gretsiya-Turkiya chegarasida to’planib qolgan minglab migrantlar taqdiri bo’yicha muzokara qilgan, biroq tomonlar kelisha olmagan ko’rinadi.

Gretsiya hukumati Turkiyani migrantlarni ataylab chegarasi tomon yo’naltirayotganlikda, Anqara esa Afinani muhojirlarga qarshi hatto qurol ishlatayotganlikda ayblamoqda.

“2016-yilda Turkiya bilan imzolangan bitim hali ham kuchda. Bu gal uning kamchiliklarini bartaraf etish xususida gaplashdik”, - deydi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.

4 yil oldin imzolangan kelishuvga ko’ra, Yevropa Ittifoqi Anqaraga 6 milliard yevro berishi hamda turk fuqarolariga Yevropaga sayohat qilishni osonlashtirishi kerak edi. Shu bilan birga, Turkiya migrantlarning Yevropa tomon oqimiga to’siq qo’yishi lozim edi.

Anqara Bryussel va’dasida turmaganini da’vo qilmoqda.

“Vizalarni olish tartibi osonlashtirilmadi. Shuning uchun Erdog’an oyog’ini tirab olib, bitim shartlari bajarilmaguncha qochqinlarni to’xtatmaymiz demoqda”, - deydi Nottingem universitetidan Natali Martin.

Yevropa Ittifoqiga ko’ra, Turkiya viza liberalizatsiyasi yo’lida qo’yilgan shartlarni bajarmadi, ayniqsa inson huquqlari masalasida.

“Agar ittifoq viza masalasida to’g’ri qadam qo’ysa va pul taklif etsa, kelishsa bo’ladi. 2016-yilgi bitim o’lik holatda, ammo uni hayotga qaytarsa bo’ladi”, - deydi Martin.

Ungacha esa minglab migrantlar, jumladan bolalar jabr ko’rishda davom etadi. Aksariyati ochiq havoda yoki qo’lbola palatkalarda tunamoqda.

Ba’zilar migrantlarning koronavirus qurboniga aylanish ehtimolidan xavotirda. BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi xodimlari Gretsiya chegarasi bo’yidagi lagerlarda bo’lib, gigiyena va kasallik yuqishining oldini olish choralari xususida ma’lumot tarqatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG