NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi, Turkiya chegaralarida xavfsizlikni kuchaytirishni rejalamoqda. O'rta dengizda kemalar soni ko'paytirilishi, Injirlik aviabazasida ko'proq samolyotlar joylashtirilishi mumkin.
Turkiya yaqinda chegara hududda Rossiya samolyotini urib tushirgan edi. Shundan buyon bu ikki mamlakat o'rtasida so'z urushi avjida.
NATOga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Belgiyada majlis qilib, ana shularni muhokama qildi. Tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenbergga ko'ra, qanday choralar ko'rilishi yaqin orada e'lon qilinadi.
"Turkiyada chegara xavfsizligini kuchaytirish masalasi anchadan buyon muhokamada, Rossiya samolyoti bilan bog'liq mojaroga buning aloqasi yo'q", - deydi Stoltenberg.
Turkiya hukumatiga ko'ra, Rossiya harbiy samolyoti uning hududiga uchib kirgani bois nishonga olingan. Rossiya buni rad etadi. Samolyot Suriya shimolida qulab, ikki pilotdan biri qutqarilgan.
AQSh rahbari Barak Obama Anqara va Moskvani taranglikni yumshatishga undamoqda. Asosiy e'tibor, deydi u, umumiy dushmanga, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga qaratilishi kerak.