Breaking News

Turkiyada muxolif respublikachilar saylovlardan oldin taktikani o'zgartirmoqda


Respublikachilar xalq partiyasi Kamol Qilichdoro'g'li
Respublikachilar xalq partiyasi Kamol Qilichdoro'g'li

Turkiyada muxolifatdagi Respublikachilar xalq partiyasi iyun oyiga belgilangan parlament saylovlaridan oldin nomzodlarning yarmini partiya a'zolarining o'zi tanlashiga ruxsat bermoqda. Shu kungacha har bir partiyadan nomzodlarni faqat rahbarlar tayinlar edi. Muxolifat saylovlarda yaxshi natija ko'rsatishga umid qilmoqda.

O'tgan hafta Turkiyada Respublikachilar xalq partiyasining yuz minglab a'zolari parlamentga nomzodlarni tanlash bilan ovora bo'ldi. Kuzatuvchilarga ko'ra, ichkipartiyaviy saylovda kutilmaganda ko'p odam qatnashdi.

Istanbuldagi Qodir Xash universitetida xalqaro aloqalar bo'yicha mutaxassis Soli O'zelning aytishicha, partiya raisi Kamol Qilichdoro'g'li tashabbusi bilan uyushtirilgan bu tadbir muhim siyosiy ahamiyatga ega.

"Bu maqsad va shijoatini yo'qotgan, faoliyati so'nggan bir partiya edi va bu tashabbus uni jonlantirishga qaratilgan. Ichki saylovlar yordamida partiya a'zolari jamlandi, Qilichdoro'g'li shu tariqa partiyani jonsiz a'zolardan tozalashga muvaffaq bo'ldi. Yolg'iz o'zi bu ishni balki qilolmasdi", - deydi O'zel.

20 dan ziyod amaldagi deputat partiyadan nomzodlikka tanlanmadi. Ularning aksariyati keskin millatchi deya ta'riflanadi. Partiyaning islohotchi va radikal a'zolari o'rtasidagi jiddiy ziddiyatlar yillar davomida saylovlardagi mag'lubiyatlarga sabablardan biri sifatida ko'riladi.

Istanbuldagi Marmara universitetida siyosiyatshunos Yuksel Taskinning aytishicha, nomzodlikka saylanganlar partiya qiyofasini o'zgartirishga yordam beradi.

"Muxolif partiyaga oddiy odamlarga so'zini yetkaza oladigan faol, shijoatli odamlar kerak. Ichkipartiyaviy saylovlar jo'shqin, intiluvchan yoshlarni siyosatga tanishtirish uchun yaxshi imkoniyat. Bu Amerikadagi siyosiy tizimga o'xshab ketadi. Ayollar tanlovda kutilganidan faolroq ishtirok etdi. Partiya ularga ham joy ajratadi, parlamentda qonunchi ayollar ko'payadi degan umiddaman. Yosh deputatlar soni ham oshishi kutilmoqda. Bu juda yaxshi", - deydi Taskin.

Turkiya parlamentida boshqa davlatlarga qaraganda ayollar ancha kam. Qilichdoro'g'li ayol nomzodlarni partiyaviy ro'yxatning yuqorisiga qo'yamiz, deydi. Respublikachilar xalq partiyasidan iyun oyidagi saylovlarda qatnashadigan nomzodlarning uchdan biri ayollar bo'lishi mumkin. Partiya rahbariyatida ham ularga ko'proq joy berilmoqda.

Rais o'rinbosari Selin Sayek Bokening aytishicha, islohotlarni ancha oldin boshlash kerak edi.

"So'nggi to'rt yildan beri partiyani isloh qilish haqida o'ylab kelamiz. Partiya ichidan yosh va shijoatli a'zolarning, ko'p ayollarning kelib chiqishini istaymiz. Raisimizning maqsadi shu", - deydi Boke.

Tahlilchilarga ko'ra, ichkipartiyaviy saylovlar natijasida Qilichdoro'g'li guruh ustidan nazoratni kuchaytirishga muvaffaq bo'ldi, islohot haqida so'z ochishi, uni amalga oshirishi osonlashdi. Shu kungacha u partiya ichidagi fitnalarga qarshi kurashga vaqt sarflashga majbur edi. Bundan esa hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi unumli foydalanib, matbuot orqali Qilichdoro'g'lini saylovchilarga zaif va qat'iyatsiz rahbar sifatida ko'rsatishga harakat qildi.

Siyosiy tahlilchi Taskinning aytishicha, Respublikachilar xalq partiyasi o'z a'zolariga nomzodlarni tanlashda ruxsat bergani saylovchilar oldidagi imijini yaxshilab, hukmron partiyaning siyosiy nufuzini bir oz tushirishga yordam beradi.

"Bu juda katta qadam. Turkiyadagi boshqa partiyalarni olsak, ularda ichki saylovlar yo'q. Xalq partiyasi "demokratik jarayonni tiklay olamiz, barcha bilan, jumladan kurdlar bilan til topisha oladigan yagona partiya bo'la olamiz" degan tasavvur yaratmoqchi. Ular "Adolat va taraqqiyot" partiyasining 2000-yillardagi strategiyasini ishga solmoqchi. Hozir siyosiy bo'shliq mavjud va Xalq partiyasi uni to'ldirishi mumkin", - deydi Taskin.

Biroq ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, partiyaning siyosiy cho'qqiga chiqishiga hali ancha bor. Shu bilan birga hukmron partiyaning raqiblariga ovozlarni boy berib, ilk bor ko'pchilik o'rinlarni yo'qotishi mumkinligini ham shu so'rovlardan ko'rsa bo'ladi.

Tahlilchilarga ko'ra, muxolif partiyaning ichki saylovlardagi faolligi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi bu gal jiddiy qarshilikka uchrashini ko'rsatdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG