Breaking News

Turkiyada namoyishlarning uchinchi kuni


Istanbulning Taksim maydoni hukumatga qarshi namoyishlardan so'ng, 2-iyun, 2013-yil
Istanbulning Taksim maydoni hukumatga qarshi namoyishlardan so'ng, 2-iyun, 2013-yil
Bugun Turkiyada hukumatga qarshi namoyishlarning uchinchi kuni. Bir yarim mingga yaqin odam poytaxt Anqarada ko'chada to'plangan, biroq politsiya ularni ko'zni yoshlantiruvchi gaz bilan tarqatishga uringan. Istanbulda ham yuzlab odamlar namoyishlar o'chog'i bo'lgan Taksim maydoniga chiqqan.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an politsiyani namoyishchilarga qarshi ortiqcha kuch ishlatganlikda tanqid qildi. To’qnashuvda 100 ga yaqin odam jarohat olgan, 26 nafari politsiyachi.

Salkam ming odam hibsga olingan, ba’zilari qo’yib yuborilgan. Tahlilchilarga ko’ra, namoyishlar aholining islomiy hukumatga nisbatan munosabatini va noroziligini aks etgan. Ayrimlar nazarida Erdog’an avtokratiyaga berilmoqda.

Istanbullik tahlilchi Minay Ederning aytishicha, namoyishda aholining turli qatlamlari ishtirok etdi.

"Bog’ni ko’chirishga qarshilikdan boshlangan harakat siyosiy tadbirga aylanib ketdi. Odamlar bunday hukumatdan va uning boshqaruv uslubidan to’yganini, uning fuqarolar talabiga quloq solmayotganidan noroziligini bildirdi", - deydi ekspert.

Ederning aytishicha, namoyishlarda ayrimlar so’z erkinligining cheklanganidan, boshqalar esa ishsizlik sur’atining yuqoriligidan shikoyat qilgan.

Namoyishlar hukumatning Taksim yonidagi park o'rnida savdo markazi qurish rejasi ketidan boshlangan. Erdog'an loyiha hali tasdiqlanmaganini aytdi. Biroq, dedi u, hukumat bu ishga qo'l urish uchun bir to'p bezorilardan ruxsat olishi shartmas. Erdog'anning aytishicha, markazda masjid qurilishi ham ko'zlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG