Breaking News

Turkiya, Rossiya energetik hamkorlikni kengaytiradi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) Turkiya rahbari Toyib Erdog'an bilan, 1-dekabr, Anqara, Turkiya
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) Turkiya rahbari Toyib Erdog'an bilan, 1-dekabr, Anqara, Turkiya

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga safar qilib, savdo, iqtisodiyot va energiya sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

Prezident Putin Anqarada katta dabdaba bilan kutib olindi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Rossiya rahbarini yangi qurilgan saroy darvozasi oldida qarshiladi.

“Taraf” gazetasi tahlilchisi Semih Idiz deydiki, tashrif har ikki tomon uchun ham muhim ahamiyatga ega bo’ldi.

“Rossiya Ukraina mojarosi tufayli dunyoda yakkalanib borayotgan bir paytda bu tashrif Moskva uchun ham, Anqara uchun ham muhim ahamiyatga ega. Prezident Erdog’anning mavqei ham hozir yaxshi emas. Bu uchrashuv unga yuqori martabali do’stlari borligini ko’rsatish imkonini beradi. Siyosiy obro’ uchun bu kerak”, - deydi u.

Putin bilan birga 10 vazir va ko’plab biznes vakillari ham tashrif buyurdi. Uchrashuvlarda o’zaro savdo hajmini oshirish asosiy mavzu bo’ldi. Tomonlar 2020-yilgacha savdo hajmini 100 milliard dollarga yekazishga kelishib oldi.

Shuningdek, Rossiya ishtirokida Turkiya o’zining birinchi atom stansiyasini qurishi kutilmoqda.

Prezident Putin kelasi yildan boshlab Turkiyaga beriladigan gaz narxi olti foizga kamaytirilishini ham ma’lum qildi. Turkiya Rossiyadan gaz import qilish bo’yicha Yevropada Germaniyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi.

Rossiyadan Turkiyaga gaz yetkazuvchi va bu yerdan janubiy Yevropaga gaz yo’lagini ochuvchi yangi quvur yotqizish masalasi ham tilga olindi. Ushbu loyiha amalga oshsa, Turkiyaga yetkazilayotgan gaz hajmi yanada oshadi.

Putin Anqaraga tashrif buyurgan kun NATO Bosh kotibi general Jens Stoltenberg Turkiyani Rossiyaga qarshi G’arb qo’llagan jazo choralariga qo’shilishga chaqirdi.

“Sanksiyalarni qo’llab-quvvatlash choralariga imkon qadar ko’proq davlat qo’shilishini xohlaymiz. Kimdir xalqaro qonunni buzsa, oqibati yomon bo’lishini ko’rsatib qo’yish uchun bu muhim”, - deydi u.

Anqara faqat BMT tomonidan joriy etilgan jazo choralariga qo’shilishini aytadi. Safari oldidan bergan intervyusida Putin Anqara qarorini olqishlab, Turkiyaning mustaqil ish tutish salohiyatini qadrlashini bildirdi.

Turk kompaniyalari Rossiya iqtisodiyotiga qo’yilgan jazo choralarini savdoni rivojlantirish uchun yangi imkoniyat sifatida ko’rmoqda.

Tahlilchilar Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi manfaatdor ekanini aytmoqda. Kelasi yil yangi saylovlar yaqinlashar ekan, hukumat mamlakat iqtisodiy o’sishidagi sekinlashuvdan xavotirda.

Iqtisodiy munosabatlardagi o’sishga qaramay, tashqi siyosatda tomonlar bahsli va farqli qarashlarga ega, deydi tahlilchi Idiz.

“Bu davlatlar Suriya masalasida mutlaqo kelisha olmaydi. Diplomatik ohangda bo’lsa-da, bu haqda ular hatto tortishib ham olgan. Ukraina, ayniqsa, oz sonli tatar aholiga ega Qrim yuzasidan ham qarashlar farqli. Kipr masalasida ham ular kelisha olmaydi. Chunki Moskva azaldan yunonlar boshqaruvini qo’llab-quvvatlab kelgan”, - deydi Idiz.

Shunga qaramay, tomonlar muhim jabhalarda amaliy aloqalarni rivojlantirish yo’lidan bormoqda, deydi tahlilchi.

“Erdog’an Rossiyaga borganda, men unga hamrohlik qilganman. Ular orasida qandaydir yaqinlik borligini his qilish mumkin. Dunyoga munosabat, hayotiy qarashlarda umumiylik bor. Har ikkisi ham avtoritar rahbar ekanlikda ayblanadi. Bu umumiy jihatlar, qayerga borishmasin, ularga ergashib yuradi”, - deydi turk tahlilchisi.

Tashqi siyosatdagi tafovutlar yaqin orada yo’qolishi kutilmasa-da, Anqara va Moskva o’zaro foydali munosabatlarni yanada rivojlantirishda davom etishi kutilmoqda. Yevropa ittifoqi va AQSh tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilayotgan jazo choralari bu yaqinlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG