Turkiya janubi-sharqida ro’y bergan qattiq zilzila 279 dan ziyod kishini hayotdan olib ketgan.
Eron bilan chegarada, Van tumani Erjish shahrida, ayniqsa, o’lganlar ko'p, deydi rasmiylar. Kuchi 7,2 balga teng zilzila uy-joy va binolarni yer bilan yakson qilgan.
Ko’p qavatli binolar, mehmonxona va yotoqxonalar qulagani, odamlar vayrona ostida qolib ketgani ma’lum. Erjish hokimi favqulodda holat e’lon qilib, ko’mak so’ramoqda.
Ofat qurbonlari yanada oshishi kutilmoqda. Qutqaruv ishlari tuni bilan davom etib, omon qolganlar qidirilmoqda.
Yuzlab bino vayronalari ostidan bir necha kishi, jumladan, yosh bola beshikast olib chiqildi, deydi rasmiylar. Asosiy silkinish ketidan yer yana bir necha bor qimirlagan, elektr va suv ta’minoti uzilgan.
Rasmiy Anqara xalqaro hamjamiyatga murojaat qilganicha yo’q, biroq qator davlatlar, xususan, Qo’shma Shtatlar yordam taklif qilar ekan, prezident Barak Obama Turkiyani og’ir damda qo’llab-quvvatlashga tayyormiz, deydi.
Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’an qattiq talofat ko’rgan Van shahri va bir necha qishloqni ko’zdan kechirdi.
Seysmik jihatdan aktiv hududda joylashgan Turkiyada tez-tez yer qimirlaydi. 1999-yilgisida 18 ming kishi halok bo’lgan.