Yevropa Ittifoqi qochoqlar oqimi muammosiga qanday yechim topish ustida o'ylanmoqda. Dunyoda eng ko'p muhojirlarga joy bergan Turkiya fojea ko'lamining kengayishida Yevropa davlatlarini ayblamoqda. Chunki rasmiy Bryussel bu borada berilgan davomiy ogohlantirishlarni e'tiborsiz qoldirdi, deydi Turkiya rasmiylari.
Dunyo ahli Turkiya sohiliga o'ligi qalqib chiqqan bolakayning suratidan dahshatga tushgan bir paytda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Yevropa davlatlarini O'rta dengizni qabristonga aylantirayotganlikda aybladi.
Istanbuldagi Koch universiteti tadqiqotchisi Ahmet Ichduyguning aytishicha, inqirozning oldini olish bo'yicha Yevropaga qaratilgan chaqiriqlarning e'tiborsiz qolgani Anqarani g'azablantirgan.
"Nega Yevropa o'lkalari suriyalik muhojirlar muammosiga e'tiborsiz qaramoqda? Afsuski, butun dunyoda vaziyat hozir shunday, hamma mas'uliyatni bir-biriga ag'darishga urinmoqda. Yevropaliklar bu masalaga iqtisodiy nuqtai nazardan ham yondashayotganiga e'tibor qaratsak, Yevropada iqtisodiy inqiroz ham borligini ko'ramiz", - deydi u.
Turkiyaga Suriya va Iroqdan kelgan qochoqlar soni ikki milliondan oshgan va ularning xarajati Anqara uchun olti milliard dollarga tushayotgani aytiladi. Erdog'an muhojirlarni yoki xarajatlarni bo'lishmagani uchun Yevropani tinimsiz tanqid qilib keladi. U payshanba kuni Fransiya Prezidenti Fransua Olland bilan telefon orqali qilgan muloqotida ham shu haqda gapirdi.
Istanbuldagi Sulaymon Shoh universiteti tahlilchisi Chingiz Aqtarning aytishicha, Anqarada ham ayb bor.
"Xalqaro tashkilotlar, katta nodavlat uyushmalar boshida kelib yordam berishga tayyor edi. Turkiya esa yo'q, o'zim uddalayman dedi. Oqibatda muammoga o'ralashib qoldi", - deydi u.
Qochqinlar inqirozi Yevropa ichigacha kirib borar ekan, nihoyat Bryussel jiddiy chora ko'rishga o'tadi deya Anqara umid qilmoqda, deydi "Jumhuriyat" gazetasi sharhlovchisi Semih Idiz.
"Bu qochoqlarning talablarini qondirish bo'yicha bayonotlar yangrayapti. Ular mamlakat bo'ylab yoyilgan, Turkiyada jamiyatlar orasida ijtimoiy muammolarga sabab bo'lmoqda", - deydi Idiz.
Suriya urushining hali oxiri ko'rinadigan emas. Shunday ekan, Anqara xalqaro hamjamiyatning yaqin orada qochoqlar muammosi bo'yicha jiddiy yechimlarni olg'a surishidan umidvor.