Turkiya, Rossiya va Eron rahbarlari Anqarada Suriya bo’yicha uch tomonlama muzokara olib bormoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Suriya va ikki tomonlama aloqalar xususida muloqot qildi.
Yaqingacha Suriyada qarama-qarshi kuchlarni qo’llab-quvvatlagan va turli maqsadlarni ko’zlagan bu mamlakatlar kelishmovchiliklarni chetga surib qo’yib, xavfsizlik bobida o’zaro hamkorlikni yo’lga qo’yishga muvaffaq bo’ldi.
Turkiya, Rossiya va Eron “Ostona jarayoni” formatiga ko’ra ish yuritmoqda. Anqaradagi uchrashuvda Idlibdagi vaziyat, Turkiyaning kurd qismlariga qarshi harbiy harakatlari muhokama etilgan. Anqara kurdlarni terrorchi deb biladi va o’tgan oy ularni Afrin shahridan siqib chiqarib, endi kurdlar joylashgan boshqa shaharlarga ham hujum qilmoqchi.
Tahlilchilarga ko’ra, Erdog’an Eron va Rossiyadan amaliyotlarga to’siq qo’ymaslikni so’ramoqchi. Suriya havo mudofaasini ta’minlayotgan Rossiya turk samolyotlariga kurdlarga havodan hujum berishga hozircha halaqit bergani yo’q.
Seshanba kuni Putin Erdog'an bilan alohida uchrashib, ikki davlat o'rtasidagi aloqalar xususida gaplashgan. Rahbarlar Akkuyu atom elektrostansiyasi qurilishiga start berdi. Stansiya Turkiya janubida, Mersinda Rossiya tomonidan quriladi. Loyiha qiymati 20 milliard dollar bo'lib, 2023-yilda ishga tushadi. Stansiya yiliga 35 milliard kilovatt elektr quvvati ishlab chiqaradi.
Facebook Forum