Turkiya va Rossiya prezidentlari Qora dengiz bo'yidagi Sochi shahrida yana bir bor uchrashib, Suriya masalasini muhokama qildi. Ular bu yilning o'zida oltinchi bor yuzma-yuz gaplashishi.
Rossiya rahbari Vladimir Putinning aytishicha, mintaqada uzoq muddatli barqarorlik o'rnatish fursati kelgan; buning uchun, avvalo, siyosiy murosaga erishish hamda urushdan keyin suriyaliklarga yordam berish kerak.
Yaqin Sharq siyosati bo'yicha Vashington instituti tadqiqotchisi Jeyms Jefrining aytishicha, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga e'tiborni kuchaytirish davri tugadi. Bu kurash nihoyasiga yetib bo'ldi, deydi u.
Jefriga ko'ra, Rossiya va Turkiyaning urushdan keyingi Suriyada muhim rol o'ynashi ehtimoli past; chunki ularning manfaatlari bir-biriga zid.
Rossiya mintaqada o'z ta'sirini kuchaytirishni, Eron bilan yaqin hamkorlikni istaydi; Turkiya esa Yaqin Sharqni ko'proq Amerika maqsadlariga mos shaklda ko'rish tarafdori, deydi tahlilchi.
Ammo Anqaraning Moskva bilan muntazam yaqinlashishga urinayotgani unga diplomatik ustunlik berishi mumkin.
"Anqaraning AQSh bilan janjallari oshib boryapti. Bosh vazir Yildirim yaqinda AQShga bordi, lekin bu vaziyatni o'zgartirmadi. Erdog'an Yevropa bilan ham doim tortishib keladi. U bunga qarshi muvozanat topishi kerak. Rossiya shu vazifani bajaradi", - deydi siyosiy sharhlovchi Semih Idiz.
Tahlilchiga ko'ra, Rossiyaning Turkiya ichki ishlariga aralashmasligi va Suriya masalasida yordam berayotgani ham Erdog'anga ma'qul.
Anqara Kreml bilan harbiy sohada ham hamkorlikni kengaytirmoqda. Rossiyadan S400 raketaga qarshi mudofaa tizimini xarid qilishga kelishgani G'arb uchun ogohlantiruv sifatida yangradi. Turkiya NATOning a'zosi hisoblanadi va harbiy alyans bu savdoga qarshi.
Sochidagi uchrashuvda S400 savdosi ham muhokama qilinishi mumkin. Turkiya nafaqat mudofaa tizimining o'zini, balki uni ishlatish va ishlab chiqarish texnologiyasini ham qo'lga kiritish umidida. Rossiya esa texnologiyaning qaysi qismlarini sotish bo'yicha hali bir to'xtamga kelmagan.
Facebook Forum