Rossiya harbiy samolyotining Turkiya tomonidan urib tushirilgani aloqalar keskinlashishiga olib kelmaydi, deydi ayrim kuzatuvchilar. Bu na Turkiya, na Rossiya manfaatlariga javob beradi.
Ayni paytda Rossiyada hujumga munosib javob berish masalasi qizg'in muhokamada. Turkiya esa o'z chegaralari xavfsizligini ta'minlashda qat'iyligini bildirmoqda.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) Moskvada navbatdan tashqari yig'ilish o'tkazgan. Harbiy ittifoq nazarida Rossiya samolyotining Turkiya chegarasida urib tushirilishi xalqaro qonunlarning qo'pol ravishda buzilishidir.
Prezident Vladimir Putin Turkiyani terrorchilarga ko'maklashayotganlikda aybladi. Turkiyaning Moskvadagi elchixonasi toshbo'ron qilindi. Kremlga yaqin siyosiy doiralar Turkiya bilan vizali tartib joriy etishdan tortib, barcha iqtisodiy-siyosiy aloqalarni muzlatib qo'yishga ham chaqirishmoqda.
Turkiyada kechayotgan muhokamalar ham asosan shu haqda. Jamoatchilik chegaralar qattiq qo'riqlanishi, Rossiya samolyotlari bombardimon qilayotgan Suriyadagi etnik turkmanlarga yordam ko'rsatilishi lozimligi haqida gapirmoqda.
“Turkiya bilan chegaradosh hududda yashayotgan turkmanlarga yordam ko'rsatish masalasi jamoatchilikda ham, hukumat doirasida ham muhokama qilinmoqda. Samolyot urib tushirilishi esa Turkiya o'z chegaralarini qo'rishlashga haqli ekanligi sifatida baholanmoqda”, - deydi bu mamlakatdagi o'zbek sharhlovchi Namoz Normo'min.
Rossiya bildirgan keskin e'tirozlar ortidan Turkiya rus pilotlariga 10 marta ogohlantirish berilganini ma'lum qildi, buni ko'rsatuvchi audioyozuvlarni ommaga havola etdi.
Moskva da'vosiga ko'ra, Su-24 samolyoti Turkiya chegarasini buzib o'tmagan, balki Suriya hududida urib tushirilgan. Bu mojaro ortidan ancha iliq hisoblangan Turkiya va Rossiya munosabatlari inqirozga yuz tutushi mumkin degan taxminlar mavjud.
Ammo Namoz Normo'min ta'biricha, inqiroz ko'proq siyosiy aloqalar doirasiga tegishli bo'ladi, uzoq yillar davomida tiklangan iqtisodiy hamkorlik to'xtab qolishi ehtimoli past.
“Vaziyatni yumshatishga harakat bor. Turkiya prezidenti samolyot urib tushirilishidan oldin uning kimga tegishli ekanligi aniq bo'lmaganini aytdi. Umumiyatda, Turkiya tomonidan vaziyatni yumshatishga qaratilgan bayonotlar kuzatiladi. Albatta, munosabatlar oldingiday bo'lmasligi mumkin, ammo Turkiya matbuoti rus sayyohlari kelishda davom etayotgani haqida yozmoqda. Bu Rossiya vazirining Turkiyaga borishni maslahat bermasligi haqidagi gaplaridan so'ng. Iqtisodiy aloqalar hajmi yirik, Turkiyaning ko'plab shirkatlari Rossiyada faoliyat olib boradi. Albatta, ular faoliyatida ham bu narsa aks etishi mumkin, lekin aloqalar jiddiy buzilib ketadi deyish qiyin. Chunki Rossiyaning Turkiya bilan munosabatlarga ham katta ehtiyoji bor, ayniqsa iqtisodiy sohada. Shunday ekan, bu munosabatlar tamomila buzilb ketadi deb o'ylamayman”, - deydi Namoz Normo'min.
“Turkiyaning Xatoy viloyati va Suriyaning Latakiya shahri o'rtasidagi bir mintaqada asosan turkmanlar yashaydi. Turkiya ularga avvaldan yordam ko'rsatib kelgan. Bu hududda Assad rejimiga qarshi kurashayotgan boshqa kuchlar, jumladan islomiy kuchlarning ham yo'qligi aytiladi”, - deya qo'shadi u.
Rossiyaning Suriyadagi aksilterror amaliyotlarga qo'shilgani, xususan “Islomiy davlat” jangari guruhidan ko'ra ko'proq Bashar al-Assadga muxolif bo'lgan kuchlarni nishonga olayotgani keskin norozilik uyg'otib kelayotgan edi.
Turkiya chegarasida urib tushirilgan samolyot “Islomiy davlat” ga qarshi kurashib kelayotgan etnik turkmanlarni nishonga olgani aytiladi.