Breaking News

Turkiya-Rossiya harbiy aloqalari Anqaraning Vashington bilan ziddiyatlarini kuchaytirmoqda


Turkiya va Rossiya rahbarlarining 29-sentabr kuni Sochida o’tgan uchrashuvi ketidan Rajab Toyib Erdog’an Rossiya bilan harbiy sohada savdo davom etishini, ikki davlat suvosti kemalari va raketa ishlab chiqarishda hamkorlik qilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Xalqaro hayot – 7-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:11 0:00

“Turkiyaning oxirgi paytlarda G’arb bilan aloqalari yomonlashdi. So’nggi 5 yildan beri Turkiya G’arb kompaniyalari va mamlakatlaridan muhim texnologiyalar va qismlar ololmayapti”, - deydi Anqaradagi Yaqin Sharq texnologiya universiteti tahlilchisi Arda Mevluto’g’li.

Turkiya Rossiyadan S-400 havo mudofaasi tizimini sotib olishi ketidan AQSh Turkiyani F-35 qiruvchi samolyotlar dasturidan chiqarib, harbiy komponentlar savdosini cheklab qo’ydi. Vashingtonga ko’ra, Turkiyaning Rossiya bilan harbiy hamkorligi NATO mudofaa tizimiga darz solmoqda.

Turkiyaga qo’shni va raqib Gretsiya harbiy aviaflotini Yevropa va Amerikaning eng so’nggi samolyotlari bilan zamonaviylashtirishga urinar ekan, Anqara nazarida, Vashington cheklovlari uni Rossiya bilan ish qilishga majburlamoqda.

Putin bilan uchrashuvdan so’ng Erdog’an Rossiyadan qo’shimcha S-400 raketalarini sotib olishini bildirgani Vashington bilan aloqalarni yanada sovitishi aniq. AQSh qo’shimcha sanksiyalar kiritilishiga ishora qilmoqda.

“Turkiya uchun bu masala davlat g’ururi, mustaqilligi, suverenitetiga borib taqaladi. Turkiya AQShning qo’g’irchog’i yoki NATO ixtiyoridagi davlat emas”, - deydi Istanbuldagi Qodir Xas universiteti professori Serhat Guvench.

Rossiya va Turkiya Suriya, Ukraina, Liviya va Kavkazda qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlashiga qaramay, qurol savdosi, energetika, atom stansiyasi qurilishi sohalarida yaqindan hamkorlik qilmoqda.

“Erdog’an Putin uchun uning G’arbga qarshi o’yinida eng qulay o’yinchidir. Putin Turkiya va NATO aloqalariga darz solmoqchi, Erdog’an va AQSh esa bu vazifani a’lo darajada bajaryapti”, - deydi “Duvar News” portali sharhlovchisi Ilhan O’zgel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG