Breaking News

Turkiya-Rossiya munosabatlari iliqlashyaptimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an urib tushirilgan Rossiya samolyoti uchun kechirim so'rashdan bosh tortib kelmoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an urib tushirilgan Rossiya samolyoti uchun kechirim so'rashdan bosh tortib kelmoqda.

O'tgan yili Turkiya Rossiya harbiy samolyotini urib tushirgandan beri Anqara va Moskva aloqalari tarang. Kuzatuvchilarning aytishicha, ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi sovuq shaxsiy munosabatlar ham bunga o'z hissasini qo'shmoqda.

O'tgan bir necha hafta davomida Rossiya va Turkiya aloqalarini yaxshilashga qaratilgan ayrim qadamlar tashlandi. O'tgan yil noyabrida Turkiya havo chegarasiga kirgan Rossiya qiruvchi samolyoti urib tushirilgandan beri munosabatlar keskinlashgan edi.

Hukumatga yaqin Turkiya gazetasining yozishicha, tomonlar o'tgan bir necha asrlar davomida yuz bergan ikki tomonlama mojarolarda halok bo'lgan askarlar sharafiga o'z hududlarida haykal o'rnatishga kelishib olgan.

Moskva Turkiyaning kurort zonasiga aviaqatnovlar yana boshlanishiga ham ruxsat berdi. Turkiyaning sobiq elchisi Murat Bilhanning aytishicha, ijobiy o'zgarishdan har bir tomon manfaatdor.

"Aloqalar sekinlik bilan bo'lsa-da, yaxshilanishidan juda umidvorman. Chunki Turkiya Rossiyaga kerak. Rossiya mahsulotlari uchun uning katta bozori kerak. Sarmoya kiritish va energiya masalasida ham hamkorlik katta. Ikkinchidan, Turkiyaga ham Rossiya kerak. Chunki u Rossiyaning bozorlari va sayyohlariga muhtoj", - deydi u.

Turkiya politsiyasi Moskva tomonidan rus pilotini o'ldirishda ayblangan suriyalik turkmanni hibsga olgan. U so'roqqa tutilgan, ammo rasman ayblov qo'yilgani yo'q. Rossiya uning jazoga tortilishini talab qilmoqda.

Tahlilchilarga ko'ra, Anqara rishtalarni tiklashni istaydi va Turkiya rasmiylari bu borada Kremlga bir necha bor murojaat qilgan. Ammo Rossiyadan hali ijobiy javob olingani yo'q.

Karnegi instituti tahlilchisi Sinan Ulgen aloqalarni tiklash bo'yicha bunday urinishlarning kutilgan natijani berishiga ishonmaydi. Chunki Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an va Rossiya rahbari Vladimir Putin o'zlarini kuchli lider sifatida ko'rsatishni davlat manfaatlaridan ustun qo'yadi, deydi u.

"Turkiya-Rossiya aloqalarining yaxshilanayotganiga oid ayrim alomatlar hali juda zaif. Tez orada munosabatlar tiklanadi deb kutishga asos yo'q. Erdog'an va Putin o'rtasidagi shaxsiy raqobat ham muhim. Putin Turkiya kechirim so'rashi kerak, deb hisoblaydi. Erdog'an bunday qilmasligi aniq", - deydi Ulgen.

G'arblik diplomatlardan birining aytishicha, Rossiya samolyotining Turkiya tomonidan urib tushirilishi Putinning mintaqada kuchli lider degan mavqeiga putur yetkazdi. Unga ko'ra, Rossiya rahbari buning badalini undirib olmaguncha, aloqalar jiddiy yaxshilanishini kutish qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG