Breaking News

Erdog'an: Turkiya-Rossiya aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda


Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan, Sankt-Peterburg, Rossiya, 9-avgust, 2016-yil.
Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan, Sankt-Peterburg, Rossiya, 9-avgust, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, uning mamlakati Rossiya bilan aloqalarda "juda farqli bir davr"ga qadam qo'ymoqda.

Bu haqda u 9-avgust kuni Sankt-Peterburgda Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuv ortidan gapirdi. Erdog'an 15-iyul kuni yuz bergan muvaffaqiyatsiz davlat to'ntarishidan beri ilk bor xorijga rasmiy safar bilan keldi.

G'arb, xususan, AQSh bilan aloqalar yomonlashgan bir paytda Anqara Moskva bilan munosabatlarni qayta tiklashga qaror qilgan.

O'tgan yili Rossiya harbiy samolyoti Turkiya havo hududida urib tushirilgandan beri diplomatik aloqalar uzilib qolgan edi. Turkiyada harbiy isyon yuz berishidan biroz oldin tomonlar aloqalarni tiklashga kelishib olgan.

"Mahalliy siyosatdagi juda murakkab vaziyatga qaramasdan, sizning bugun kelishingiz Rossiya va Turkiya o'rtasida muloqot va aloqalarni qayta boshlashni barchamiz xohlashimizni ko'rsatadi", - dedi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.

Ushbu muhim uchrashuv ketidan Erdog`an Turkiya va Rossiya munosabatlarida yangi bosqich boshlanishiga umid qilmoqda. O`zaro keskin ziddiyatlardan so`ng kuzatilgan bu muloqot aksilg`arbiy kayfiyatdagi liderlarga yaxshi dastak bo`lishiga ahamiyat qaratilmoqda.

Muloqotning qayta tiklanishida Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev vositachilik qilgani aytilmoqda.

Erdog'an Sankt-Peterburgdagi uchrashuvda davlat to`ntarishiga urinish bostirilishi ortidan qo`ng`iroq qilib hol-ahvol so'ragan Rossiya prezidentiga o`z minnatdorchiligini bildirgan.Turkiya rahbariga birinchilardan bo`lib qo`ng`iroq qilganini ta`kidlagan Putin Rossiya hech qachon aksilkonstitutsiyaviy amallarni qo`llamasligini aytgan.

Prezidentlar o`rtasidagi uchrashuv ancha iliq boshlangani, tomonlar Suriyadagi aksilterror amaliyotlaridan tortib, keng qamrovli hamkorlikkacha bo'lgan masalalarni muhokama qilgani bildrilmoqda. Muzokaralar ikki o`rtadagi ziddiyatlardan so`ng to`xtatib qo`yilgan iqtisodiy hamkorlik tiklanishiga umid uyg`otgan. Turkiya tomoni o`zaro savdo aylanmasini yiliga 100 milliard dollarga ko`tarish imkoniyati borligi haqida gapirmoqda.

Ekspertlar o`zaro keskin ziddiyatdagi tomonlarning tez sur'atlarda tashkil etgan bu ushrashuvi G`arb tanqidida turgan har ikki liderga qo`shimcha dastak bo`lishiga diqqat qaratmoqda.

Rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnov bu haqda shunday deydi:

“Bu uchrashuv so`nggi yillardagi diplomatik etiketda kuzatilmagan voqea, gap faqat Moskva va Anqara ziddiyatida emas, balki Suriyadagi urush inobatga olinsa, tomonlarning qarama-qarshi lagerlarda ekanligiga ham bog`liq. Shunga qaramasdan, uchrashuv o`tayapti. Hozir ayon bo'lishicha, bunda Astananing vositachilik roli muhim o`rin tutgan. Albatta, iqtisodiy jihatini nazarga olganda, bu tomonlar uchun o`ta manfaatli, bunda axloqiy prinsiplarga o`rin yo`q. Iqtisodiy aloqalarga qo`yilgan sanksiyalar bekor qilinishini kutish mumkin. Qolaversa, bu muloqot G`arbga nisbatan zarba. Har ikki prezident G`arbda xush ko`rilmaydi, bunday liderlarning o`zaro muloqotida aksilg`arbiy qarashlar yuzaga kelishi tabiiy va bu uchrashuv har ikki prezident uchun qo`shimcha dastak. Shuning uchun G`arb tomonidan ancha asabiy kutib olindi”.

Rossiya va Turkiya ziddiyati nafaqat rus uchog`ining turklar tomonidan urib tushirilishi, balki Suriyadagi aksilteror amaliyotlariga nisbatan mavjud pozitsiyalarga ham bog`liq. Moskva avvaldan Suriyada Assad rejimini qo`llab kelayapti, unga harbiy ko`mak ko`rsatishda davom etmoqda. Anqara Assad hukumatining asosiy tanqidchisi, Suriyadagi hukumat saylovlar vositasida o`zgartirilishi kerak deb hisoblaydi.

Dubnov Suriyadagi vaziyat yuzasidan qarama-qarshi pozitsiyada turgan tomonlar o`zaro kelishuvga borishlari mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.

“Albatta, tomonlarning bu boradagi pozitsiyasi o`ta farqli, ammo vaziyat baribir muhokama qilnadi, biror kelishuvga borilgan taqdirda, buning jamoatchilikka oshkor qilinishini kutish qiyin”, - deydi u.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o`zbek yozuvchisi Safar Bekjon Anqara uchun Moskva bilan munosbatlarni tiklash G`arbga nisbatan siyosatda qo`shimcha dastak bo`lishiga diqqat qaratadi.

“Erdog`an davlat to`ntarishiga urinishda, o`ziga, oilasiga nisbatan G`arbda qo`zg`atilgan jinoiy ishlar boshida ham G`arb, AQSh turibdi, deb o`ylaydi. U shu sabab NATOdan uzoqlashishga, hatto ShHTga qo`shilishga ham tayyor. Bu bilan u Ga`rbni, NATOni qo`rqitmoqchi, qarshi tomonga o`tib ketaman deb. Turkiya musulmon jamiyatida ham demokratiya bo`lishi mumkinligini ko`rsatuvchi muhim davlat. Turkiyada Erdog`an xohlayotganidek yakka hokimlik o`rnatilishiga ishonmayman”, - deydi u.

Turkiya-Rossiya munosabatlari o`tgan yili Suriyadagi aksilterror amaliyotlariga qo`shilgan Rossiya harbiy uchog`ining turk armiyasi tomonidan urib tushirilishidan so`ng ziddiyatlashgan edi. Rus uchuvchisi halok bo`lgan bu voqeadan so`ng ikki o`rtadagi aloqalar, iqtisodiy hamkorlik to`xtatildi, Rossiya Turkiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Avvalroq Erdog`an Rossiya samolyoti urib tushirilganidan taassufda ekanini aytdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG