Turkiya Rossiyadan “S-400” rusumidagi havo mudofaasi tizimini sotib olishi ketidan Qo’shma Shtatlar Turkiyaga F-35 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari savdosini to’xtatib qo’ydi.
Oq uyga ko’ra, Anqaraning Rossiya bilan harbiy hamkorligi Turkiyaning NATOdagi majburiyatlariga zarar qilmoqda. Shunga qaramay, AQSh rasmiylarining aytishicha, Turkiya muhim strategik sherik bo’lb, u bilan xavfsizlik bobida hamkorlik davom etadi.
“S-400” sistemasining bir qismi Turkiyaga yetib borgan. Kelishuvga eng boshidan qarshi chiqqan Vashington bundan tashvishda. AQSh bunday kelishuv oqibatlari Turkiya uchun yaxshi bo’lmasligini ogohlantirgan.
“Turkiya “S-400” sistemasini xarid qilishi uning NATO oldidagi majburiyatlariga zid bo’lib, alyans doirasidagi faoliyatiga ta’sir qiladi”, - deydi AQSh mudofaa vazirining o’rinbosari Ellen Lord.
Prezident Tramp Turkiyaning Rossiya bilan kelishuvida Anqaraga AQShning “Patriot” havo mudofaasi tizimini sotishdan bosh tortgan Barak Obama ma’muriyatini aybladi. Bu Turkiyani qurolni boshqa joydan sotib olishga majbur qildi, deydi Tramp.
“Turklar qiyin vaziyatga tushib qildi. Endi biz ham og’ir ahvolga tushib qoldik”, - dedi Tramp.
Turkiya AQShning F-35 samolyotlarini ishlab chiqish dasturiga sarmoya qilgan. Samolyotning ayrim ehtiyot qismlari Turkiyada ishlab chiqarilayotgan edi. Turk uchuvchilari ularni boshqarish uchun AQShda malaka oshirayotgan edi. Endi bularning barchasi to’xtab qoldi.
Amerika xavotiriga ko’ra, rus muhandislari Rossiyaning Turkiyada o’rnatiladigan mudofaa tizimidan foydalanib, F-35 samolyotlarining radarga ko’rinmas stels texnologiyasiga doir ma’lumotlarni qo’lga kiritishga harakat qiladi.
“F-35 dasturining xavfsizligi va ishonchliligi hamda uning hamkor davlatlarga ulashilayotgan salohiyatini saqlash va ta’minlash biz uchun muhim vazifa”, - deydi AQSh mudofaa vaziri o’rinbosarining yordamchisi Deyvid Traxtenberg.
Ba’zilar, shuningdek, Turkiyaning Rossiya bilan kelishuvini NATO kuchi va birligiga tahdid sifatida ham qaramoqda.
“Shunga qaramay, AQSh Turkiya bilan strategik hamkorlikni qattiq qadrlaydi”, - deydi rasmiy.
Turkiya 1952-yildan beri NATOga a’zo, biroq 2016-yilda davlat to’ntarishiga harakat ketidan G’arb hamkorlaridan uzoqlasha boshladi, NATO bilan hamkorlik qilgan yuzlab harbiylari hibsga olindi. Anqara fitnada AQSh va bu mamlakatda yashovchi sobiq imom Fathulla Gulenni ayblagan.
Facebook Forum