Breaking News

Turkiya Suriya kurdlariga qarshi harbiy amaliyotni kuchaytirmoqchi


Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li
Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li suriyalik kurdlarning Turkiya yaqinidagi Azaz shahrini egallab olishiga yo'l qo'ymasligini bildirdi.

So'nggi kunlarda Turkiya AQSh qo'llab-quvvatlaydigan Kurd xalqi mudofaa guruhlari askarlarini o'qqa tutmoqda. Dovuto'g'lining ogohlantirishicha, agar kurdlar chegara yaqinidagi havo bazasidan chekinmasa, Turkiya uni ishlatib bo'lmaydigan darajada yaroqsiz holatga keltiradi.

Bu orada Rossiya amalga oshirgan havo hujumlari oqibatida shimoli-sharqiy Suriyadagi kasalxona vayron bo'lgan.

Kasalxona Chegara bilmas shifokorlar tashkilotiga qarashli bo'lgan. Tashkilotning xabar berishicha, Idlib viloyatidagi binoga to'rtta raketa kelib tushgan. Kasalxonaning sakkiz xodimi o'lgan bo'lishi mumkin.

Viloyatning 40 ming aholisi endi tibbiy yordamsiz qoldi, deydi Chegara bilmas shifokorlar tashkiloti rasmiylari.

Bugun shimoliy Suriyadagi Azaz shahrida yana bir bolalar shifoxonasiga raketa kelib tushgan. Bu yerda 10 odam halok bo'lgani aytilmoqda.

Bu orada Oq uyning xabar berishicha, Prezident Barak Obama shanba kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashgan. Muloqotda Suriyadagi to'qnashuvlarni to'xtatish hamda aholiga insonparvarlik yordamini yetkazish masalasi ko'tarilgan. Bu choralarni amalga oshirish uchun Rossiya havo hujumlarini to'xtatib, konstruktiv muzokaralar yo'liga o'tishi kerak, deya fikr bildirgan Obama.

Myunxenda kechgan xalqaro konferensiyada AQSh senatori Jon Makkeyn Putinning Suriya masalasida AQSh bilan hamkorlik qilishga qiziqmayotganini aytgan edi.

Ayni anjumanda Suriya muxolifati rahbari, sobiq bosh vazir Riad Hijab ham Moskvani havo hujumlarini davom ettirayotgani uchun tanqid qildi. Konferensiyada tomonlar to'qnashuvlarni to'xtatish lozimligiga kelishib oldi. Ammo to'liq sulh qachon tuzilishi ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG