Turkiyani Suriyaga bostirib kirganlikda ayblayotgan Tramp ma’muriyati shu hafta Anqaraga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy etishi mumkin. Amaliyot bir haftadan beri davom etmoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ming kvadrat kilometr hududni terrorchilardan tozaladik, demoqda. U bu haqda Bokuda o'tgan Turkiy davlatlar sammitida so'zlab, a'zo mamlakatlarni Turkiyaning Suriyadagi amaliyotini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.
Anqara Turkiyada jon saqlayotgan suriyalik qochqinlar uchun Suriya shimolida xavfsiz zona yaratmoqchi ekanini, Turkiya xavfsizligiga tahdid ekani aytilayotgan kurd jangchilariga qarshi jang qilayotganini aytib keladi.
O’tgan hafta Suriyadan amerikalik qo’shinlarni chiqarishni buyurgan Tramp Turkiyani bu amaliyoti uchun jazolamoqchi.
“Turkiya NATO a’zosi va bizning ittifoqchimiz bo’lib, “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi kurashda Amerikaga yordam bergan kurdlar bilan chegara xususida tortishmoqda. Vaziyat juda chigal, uni diqqat bilan kuzatyapmiz”, - deydi AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin.
Suriyadan chiqarilgan AQSh qo’shinlari qo’shni Iroqqa ko’chirilgani aytilmoqda.
“Suriyada 30 kun bo’lishimiz kerak edi, xolos, ammo 10 yilga qolib ketdik. Bu urushlar hech qachon tugamaydi”, - dedi Tramp.
Ba’zilar AQSh rahbarining harbiylarni Suriyadan chiqarish qarori hozirgi beqarorlikka yetaklaganini aytib, Trampni kurdlardan yuz o’girganlikda ayblamoqda. Amerika qonunchilari ham Turkiyaga qarshi sanksiyalar ustida ishlamoqda.
Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishicha, Turkiyaning Suriyadagi amaliyoti natijasida “Islomiy davlat” jangari guruhi qayta jonlanishi mumkin. Xabarlarga ko’ra, kurdlar qo’riqlayotgan qamoqxonalardan yuzlab jangarilar qochgan.
Suriya hukumati kurdlar bilan kelishgan holda shimoliy chegarasi tomon qo’shin yo’lladi.
Tahlilchi Maykl Ludersning aytishicha, Rossiya vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
“Oxir-oqibatda aynan Rossiya siyosiy yechim bilan chiqib keladi. Chunki yevropaliklar va AQSh bu mojaroda ortiq ahamiyat kasb etmayapti”, - deydi ekspert.
Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlarga Turkiyaga qurol sotmaslikni buyurdi.
Facebook Forum