Breaking News

Suriyalik qochqinlar Turkiya uchun xavf manbaimi?


Suriyalik qochqinlar Turkiyada kundalik muhokama etiladigan mavzulardan biridir. Dunyo bo‘yicha eng ko‘p suriyalik qochqin aynan shu yerda yashaydi. Turkiya migratsiya bosh boshqarmasi ma’lumotiga qaraganda, mamlakatda 3 million 600 mingdan ziyod suriyalik qochqin bor.

Turkiyada suriyalik qochqinlarga nisbatan kayfiyat qanday?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:44 0:00

Ular o‘z yurtlaridagi urushdan, qirg‘in va zo‘ravonliklardan qochib qo‘shni davlatda panoh topgan. Qochqinlarning juda oz qismi - 143 mingi maxsus tashkil etilgan lagerlarda yashaydi. Qolganlari Turkiya bo‘ylab sochilib ketgan: har bir shaharda suriyalik qochqinni uchratish mumkin.

To‘qqiz yoshgacha bo‘lgan suriyalik bolalarning katta qismi Turkiyada tug‘ilgan va ularning o‘z vatani bilan bog‘liq xotiralari yo‘q.

Anqara suriyalik qochqinlar uchun bir necha o‘n milliard dollar sarflaganini aytadi. Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tuzilgan noqonuniy migratsiyaning oldini olish bo'yicha kelishuvga muvofiq qochqinlarga ittifoq ham yordam ko‘rsatadi.

Albatta, turk xalqining, bu yerda faoliyat ko‘rsatuvchi gumanitar tashkilotlarning ham suriyalik qochqinlarga yordami juda katta. Ammo turkiyaliklar orasida hukumatning suriyalik qochqinlar borasidagi siyosatidan norozilar ham talaygina.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda qochqinlar haqidagi salbiy fikrlarni va noto‘g‘ri ma’lumotlarni juda ko‘p uchratish mumkin.

Tadqiqotchi Pinar Bayram
Tadqiqotchi Pinar Bayram

Egey universiteti tadqiqotchisi va jurnalist Pinar Bayramning aytishicha, Turkiya 2011-yilda suriyalik qochqinlar uchun o‘z darvozalarini ochganida ularning bunchalik uzoq qolib ketishini hech kim kutmagan edi.

Hozirga kelib esa ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyadagi ko‘pgina muammolarga aynan qochqinlar aybdor degan fikr keng tarqalgan.

“Millionlab qochqin Turkiyada ishsizlikka, daromadlarning kamayishiga va turar joy ijarasining oshishiga sabab bo‘lishi haqida shikoyatlar bor. Bu shikoyatlar suriyalik qochqinlar Turkiya uchun iqtisodiy yuk va mamlakat iqtisodiyoti uchun xavf degan tasavvurni keltirib chiqardi. Bundan tashqari, qochiqinlar bilan bog‘lanadigan ijtimoiy muammolar ham mavjud, masalan, jinoyatchilik. Ijtimoiy tarmoqlarda suriyalik qochqinlar haqida jinoyatchi, talonchi, tilanchi, vatanini himoya qilish o‘rniga qochib qolgan qo‘rqoqlar degan tasavvurlar hukmron”, - deydi Bayram.

Bu shikoyatlar suriyalik qochqinlar Turkiya uchun iqtisodiy yuk va mamlakat iqtisodiyoti uchun xavf degan tasavvurni keltirib chiqardi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qochqinlar va ularning huquqiy maqomi haqida o‘z vaqtida to‘g‘ri va yetarli ma’lumot berilmadi, bu esa noto‘g‘ri ma’lumotlarning urchishiga sabab bo‘ldi:

“Noto‘g‘ri fikrlar orasida - suriyalik qochqinlar yoppasiga Turkiya fuqarosiga aylanadi, hukumat ulardan manfaatdor, suriyalik yoshlar universitetga imtihonsiz qabul qilinadi, Turkiya suriyalik qochqinlarga nafaqa to‘layapti kabilar bor. Bular haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida qochqinlarning reabilitatsiyasi va integratsiyasiga ko‘proq e’tibor qaratish lozim. Zero, bu insonlar urushdan jabr ko‘rgan. Ustiga-ustak, Turkiyadagi kundalik hayotda ham muammolarga duch kelishmoqda. To‘qqiz yoshgacha bo‘lgan suriyalik bolalarning katta qismi Turkiyada tug‘ilgan va ularning o‘z vatani bilan bog‘liq xotiralari yo‘q. Bu bolalarda Turkiya haqida salbiy tasavvurlar uyg‘onishiga yo‘l qo'ymaslik zarur”.

Albatta, turkiyaliklar orasida suriyalik qochqinlar haqida ijobiy fikrdagilar ham ko‘p. Masalan, ikki xalqni diniy rishta bog‘lab turadi deyishadi. Qochqinlar muhtoj avholda ekanligi aytilib, vaqti-vaqti bilan ular uchun yordam kampaniyalari tashkil etiladi. Bu kampaniyalar qochqinlar uchun yechim emas albatta, ammo ahvollarini birmuncha yengillatadi.

Suriyalik qochqinlar tezroq o‘z yurtiga qaytishi zarur deguvchilar orasida siyosatchilar ham bor. Masalan, ko‘zga ko‘ringan “Iyi” partiyasi yetakchisi Meral Akshener hukumat tepasiga kelsa, qochqinlarning barini Suriyaga jo‘natishga va’da berib keladi. Zero, suriyalik qochqinlarni hukumatni tanqid qilish vositasi sifatida ko‘radiganlar ham oddiy fuqarolar, ham siyosatchilar orasida yetarlicha topiladi.

Hukumat odamlarning qochqinlar borasidagi xavotiri va noroziligini sezib turibdi. Bir necha kun avval Prezident Rajab Toyib Erdog‘an Suriyada yana harbiy operatsiya o'tkazilishini va u yerda xavfsiz hududlar barpo etilishini ma’lum qildi.

“To'rt million suriyalik qochqin o‘sha hududlarga qaytadi”, - deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG