Breaking News

Tailandda hibsda saqlangan 173 uyg'urga Turkiya boshpana berdi


Tailandda hibsda ushlab turilgan 173 nafar uyg'urni Turkiya qabul qilgan. Ular Xitoyga qaytarilgan taqdirda o'lim jazosiga hukm qilinishi mumkin edi.

Turkiya uyg'urlarga boshpana berdi, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:33 0:00
Yuklab oling

Ro’za tutishga cheklovlar qo’yilgan Xitoyda Ramazon kunlarida 30 ga yaqin uyg’ur terrorchilik gumoni bilan o’ldirilgani aytilmoqda. Uyg’ur faollari Turkiyadan tashqari biror bir turkiy davlat rasmiysi Pekinga nisbatan e’tiroz bildirishga jur'at topmayotganidan afsusda.

Dunyo Uyg’urlari Qurultoyining Diniy ishlar bo’limi boshlig'i Turg’unjon Oloviddin Xitoyga qaytarilish tahdidi ostida bo’lgan 173 nafar uyg’urning nihoyat Turkiyada qo’nim topishini nafaqat uyg’urlar, balki butun turkiy dunyo uchun quvonchli xushxabar sifatida baholaydi.

“Nihoyat, 173 nafar uyg’urning Turkiyaga qabul qilinishi haqiqatga aylandi. Bu uyg'urlar uchun ham, boshqa qarindosh xalqlar uchun ham quvonchli xabar. Chunki ular Xitoyga qaytarilgan taqdirda, o’lim jazosiga, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi ehtimoli aniq edi”, - deydi u.

Xitoyda musulmonlarga nisbatan tazyiqlardan qochib chiqqan uyg’urlar o’tgan yilning dekabr oyida chegarani noqonuniy buzib o’tganlik aybi bilan hibsga olingan edi. Hibsdagi uyg’urlar uzoq vaqt Xitoyga qaytarilish tahdidi ostida qolishdi. Uyg’urlar Qurultoyi, Turkiya va Tailand hukumatlari o’rtasidagi muzokaralar natijasida 173 nafar uyg’ur nihoyat 30-iyun kuni Turkiyada qo’nim topdi.

Sharqiy Turkistondagi tazyiqlar esa to’xtamagan, aksincha, Ramazon oyida musulmon uyg’urlarini tahqirlash yanada kuchaygan.

“Hozirgi vaziyat og’ir. Xitoy hukumati Ramazon kirganidan buyon uyg’urlarning ro’za tutishini, masjidga borishi, ibodat qilishini cheklab qo’ygan. Ramazon oyida xuddi uyg’urlarni masxaralamoqchi bo’lgandek, ko’chalarda pivo festivali uyushtirishmoqda, musulmonlarni ro’za kunlari pivo ichishga majburlashmoqda, keskin bir vaziyat shakllangan. Bunga, diniy erkinlik Xitoy qonunida kafolatlanganligini aytib, norozilikka chiqqan yoshlarimizdan 28 kishini shu Ramazan kunlarida bosqinchilik, terrorchilikda ayblab otib tashladi, o’ldirdi. Bu Xitoyning nihoyatda vahshiylashganini ko’rsatmoqda”, - deydi Turg’unjon Oloviddin.

Rasmiy Anqara Xitoy musulmon uyg’urlarga nisbatan bosimni oshirgani yuzasidan norozilik bayonoti bilan chiqargan. Ramazon kunlari uyg’urlarga tazyiq oshirilgani Turkiya jamoatchiligini ham chetlab o’tmagan. Istanbuldagi Xitoy restorani norozilik nishoniga aylangan.

Sharqiy Turkiston uyg’urlari Markaziy Osiyo xalqariga yaqin millat hisoblanadi. O’zbekiston, Qirg’iziston va Qozog’istonda minglab uyg’urlar yashaydi. Xitoyga yaqin qo’shni bo’lgan bu davlatlar Shinjon Uyg’ur muxtoriyatida qardosh xalqqa nisbatan munosabat qandayligidan yaxshi xabardor, ammo hozirgacha ulardan birortasi Xitoyga nisbatan rasman e’tiroz bildirishga jur’at topmagan.

Bu jihatdan turkiy davlatlar orasida ham, musulmon davlatlar orasida ham Turkiya uyg’urlar taqdiriga befarq emasligi bilan ajrab turadi.

“Turkiya kuchli davlat, Xitoydan qo’rqib turgan joyi yo’q. Turkiya aholisining turkiy xalqlarga nisbatan milliy hissiyoti ham nihoyatda kuchli. O’rta Osiyodagi jumhuriyatlar Xitoyga yaqin, o’zlarining siyosiy, iqtisodiy qiyinchiliklari ham bor. Ammo bu davlatlardagi xalqlar uyg’urlar bilan birga ekanligiga biz ishonamiz, u yerdagi qarindoshlarimiz bizga nihoyatda hisdosh ekanligini ko’rdik ham. Ammo davlatlar diplomatik maqsadlarni ko’zlab, Xitoyga nisbatan norozilikni ifodalash o'rniga uyg'urlar faoliyatiga qarshilik qilayotgani, ularni ushlab Xitoyga topshirayotgani haqida gap-so’zlar ham bor. Bundan qat'i nazar, mintaqa xalqi biz bilan ekanligiga ishonchimiz komil”, - deydi Turg’unjon Oloviddin.

Turkiyada yakunlangan parlament saylovlari ortidan uzoq vaqt hokimiyatni qo'ldan bermagan "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi mutlaq ko’pchilik ovozni qo'lga kirita olmadi, yangi hukumat partiyalar o’rtasida tuzilajak ittifoq ortidan shakllanishi kutilmoqda. Bu Turkiyaning tashqi va ichki siyosatida ham o’zgarishlar bo’lishdan darak sifatida qaraladi.

“Turkiyadagi hamma partiyalarda uyg’ur masalasiga nisbatan munosabat yaxshi, bir partiya davrida ham yaxshi edi, boshqaruviga bir necha partiya kelishi buni yanada o’zgartiradi. Ammo asosiysi, Turkiya xalqining o’zi befarq emas, hozir Xitoy hukumatining Ramazondagi tazyiqlariga nisbatan Turkiyada ko’plab norozilik chiqishlari bo’lib o’tmoqda”, - deydi Turg’unjon Oloviddin.

Uyg’urlar davlati so’nggi bor 1949-yilda Sharqiy Turkiston Respublikasi maqomida Xitoy tarkibiga qo’shib olingan, 1955-yildan boshlab esa Sharqiy Turkiston Resbulikasi o’rnida Shinjon Uyg’ur Muxtor Rayoni tashkil etildi.

Sobiq Ittifoqdagi turkiy davlatlar mustaqillikni qo’lga kiritishi ortidan Sharqiy Turkistonda ham ozodlikka intilish kuchaygani kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG