Breaking News

AQSh-NATO-Turkiya: "Islomiy davlat"ga qarshi strategiya muhokamada


NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg (chapda) va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li Anqarada, 9-oktabr, 2014-yil
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg (chapda) va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li Anqarada, 9-oktabr, 2014-yil

AQSh harbiylariga ko'ra, kurd jangarilari Suriyaning Kobani shahrini jihodchilardan mudofaa qilishda davom etmoqda. AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat" pozitsiyalarini havodan nishonga olmoqda. Asosan kurdlar yashaydigan shaharning uchdan bir qismi jihodchilar qo'lida.

Aholi qo'shni Turkiyaga qochgan. Kurdlar xalqaro hamjamiyatdan yordam so'ramoqda. Turkiyalik kurdlar mamlakat bo'ylab namoyish qilib, hukumatdan Suriyaga qo'shin kiritishni talab qilyapti, ammo Anqara bu ishni bir o'zi qilmoqchi emas.

AQSh va NATO rasmiylari bugun va ertaga Turkiyada bu masalani muhokama qiladi.

Bugun Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li NATO yangi Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan uchrashgan. Turkiya parlamenti qurolli kuchlarga Suriya va Iroqda harbiy amaliyot o'tkazishga ruxsat bergan.

Stoltenbergning aytishicha, islomiy jangarilar Suriya, Iroq, Turkiya va NATO davlatlariga jiddiy tahdiddir.

"Xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi kerak. AQSh va hamkorlarining tashabbusini olqishlayman. Turkiya parlamentining qarori ham tahsinga loyiq", - deydi NATO rahbari.

Bugun Avstraliya harbiy samolyotlari ilk bor koalitsiya tarkibida Iroqda "Islomiy davlat"ni bombardimon qilgan.

Bu mamlakat Bosh vaziri Toni Ebbotning aytishicha, Avstraliya bu bilan Iroq hukumatiga yordam bermoqda.

""Islomiy davlat" butun dunyoga urush e'lon qilgan o'lim ramzidir. Uning islom diniga umuman aloqasi yo'q. Ular ezilgan xalqni ozod qilayotgani ham yo'q", - deydi Ebbot.

AQSh Prezidenti Barak Obama Pentagonda bo'lib, "Islomiy davlat"ga qarshi operatsiya qanday ketayotgani bilan tanishdi.

"Havo zarbalari davom etadi. Bu murakkab missiya. Bir kunda hal bo'ladigan muammo emas", - deydi Obama.

AQSh havo hujumlari yordamida jangarilar ishg'ol qilgan hududlarda qolib ketgan aholi uchun korridorlar ochildi, Iroqda Mosul to'g'onining qamali yorildi, jihodchilarga mo'maygina daromad keltirayotgan neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berildi.

Biroq ekstremistlarni yengish uchun mahalliy hamkorlar yordami zarur, deydi AQSh rasmiylari. Aholi zich joylashgan shaharlarni esa havodan nishonga olib bo'lmaydi.

Pentagon matbuot kotibi kontr-admiral Jon Kirbining aytishicha, havo hujumlari bilan ish bitmaydi.

Biroq Prezident Obama Iroqqa qo'shin kiritmaymiz, degan. Qo'shma Shtatlar Suriya muxolifati va boshqa arab kuchlarini harbiy tayyorgarlikdan o'tkazmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG