Turkiya harbiy samolyotlari suriyalik kurdlarning “Suriya demokratik kuchlari” tashkilotini tinmay nishonga olmoqda. Vashington kurd bo’linmalarini “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi kurashda o’ziga ittifoqchi deb biladi. Anqara esa SDKga aloqador “Xalq mudofaasi otryadlari” hamda “Ayollar mudofaasi otryadlari”ni PKK yoki “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga hamkor deb ko’radi.
“Turkiya PKK yoki uning Suriyadagi hamkorlariga tegishli energetika infratuzilmasini nishonga olmoqda, ularga hududda mahalliy ma’muriyat o’rnatishiga to’sqinlik qilmoqda”, - deydi turkiyalik siyosiy tahlilchi Oydin Seljen.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Suriya shimoliga qo’shin kiritishga do’q-po’pisa qilmoqda.
“Suriya demokratik kuchlari”ning jihodchi guruhlarga qarshi kurashida AQShning Suriyadagi 900 ga yaqin harbiysi yordam bermoqda. Ayrim kuzatuvchilar Vashington qo’shinlarni chiqarish ustida o’ylanayotganini aytadi.
“Vashington SDKni Suriya rejimi bilan hamkorlikka undashga hozirlanayotgan bo’lishi mumkin. Oq uy ma’muriyati “AQSh qo’shinlarini Suriyada ushlab turishga hojat yo’q, aksincha ularga zarar yetmoqda” degan xulosaga kelgan bo’lishi mumkin”, - deydi Vashingtonda asoslangan Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Sinan Jiddiy.
Isroil G’azoga qo’shin kiritganidan beri Iroq va Suriyada Eronga xayrixoh guruhlar AQSh harbiy bazalarini tinmay nishonga olmoqda, dron hujumlaridan biri o’tgan yakshanba Iordaniya-Suriya chegarasida uch amerikalik askar o’limiga sabab bo’ldi.
Pentagon Suriyadan qo’shinlar olib chiqilishi haqidagi xabarlarni inkor etmoqda.
Marmara universiteti professori Bilgexon Olako’zning aytishicha, askarlarning chiqarilishi Turkiya va AQSh o’rtasidagi ko’p yillik taranglikka barham beradi.
“AQShning “Xalq mudofaasi otryadlari” bilan aloqalari Turkiya bilan hamkorlikni zaharlamoqda. AQSh mana shu aloqalarini qayta ko’rib chiqishi kerak va shundan so’ng Turkiya bilan boshqa mavzularda muloqot qilishi mumkin”, - deydi ekspert.
Bir necha kun oldin Anqara Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasiga qo’yilgan to’sig’ini olib tashladi. Buning evziga Oq uy Turkiyaga qiruvchi samolyotlar sotishga va’da berdi.
Tahlilchilar ittifoqchilar murosa qila boshlaganiga ishora qiladi.
AQSh davlat kotibining o’rinbosari Viktoriya Nulandning Anqaraga ikki kunlik tashrifi chog’ida munosabatlarni tiklash haqida gap ketgani aytiladi.
Kuzatuvchilar “Suriya demokratik kuchlari” Damashq bilan tezroq kelishishi kerakligini aytadi.
“Agar AQSh qo’shinlari Suriyani tark etsa, Damashq yordami va hamkorligisiz “Suriya demokratik kuchlari” uzoqqa bormaydi. Vaqt g’animat. Amerikaliklar chiqib ketganidan so’ng shartlar o’zgarishi mumkin, shunga hozir kelishish kerak”, - deydi Oydin Seljen.
Suriya va Turkiya Suriya mojarosida qarama-qarshi tarafda turgan bo’lsa-da, har ikkisi AQSh harbiylarining Suriyada harakatlanayotganidan birday norozi.
Tahlilchilarga ko’ra, agar Assad armiyasi asosan kurdlar yashovchi hududlarni o’z nazoratiga ola bilsa, Erdog’an “Suriya demokratik kuchlari”ga qarshi kurashda g’alaba qozonganini davo qilishi va harbiy harakatlarni to’xtatishi mumkin.