Breaking News

AQSh-Turkiya aloqalari sovuqlashmoqda


Anqara muvaffaqiyatsiz tugagan harbiy to'ntarish tarafdorlarini qidirish va qo'lga olish harakatini davom ettirar ekan, AQSh-Turkiya aloqalari tobora taranglashib bormoqda.

Vashington Turkiyaning demokratik yo'l bilan saylangan hukumatini qo'llab-quvvatlashini bildirgan; ayni paytda hukumatning avtoritar kurash usullarini keng tatbiq etayotganidan xavotirda.

Munosabatlarni yanada chigallashtirgan so'nggi gap-so'z bu AQShning harbiy isyonda qo'li bo'lganligi haqidagi iddaolardir. AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi bu da'volarni "ahmoqgarchilik" deb atadi.

Turkiya hukumati isyonga qarshi ko'rilayotgan choralar doirasida 130 ommaviy axborot vositasini, jumladan, qator telekanallar, radio, gazeta va axborot agentliklarini yopgan. 90 ga yaqin jurnalist hibsga olingan yoki qidirilmoqda.

"Biz jiddiy xavotirdamiz, - dedi Kirbi. - Turkiya biz uchun ahamiyatli, dos'timiz va hamkorimiz. Ularning demokratiyasi ham biz uchun muhim".

Shu paytgacha 1700 dan ziyod harbiy ishdan olingan. Ularning 150 nafari generallar va admirallar.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Anqara Vashingtonning yaqin hamkorlaridan sanaladi. Turkiyaning Injirlik havo bazasi shu maqsadda AQSh ixtiyoriga berilgan.

AQSh harbiylari terrorga qarshi kurashda ular bilan hamkorlik qilib kelgan Turkiya generallarining hisbga olinishi amaliyotlarga salbiy ta'sir ko'rsatishidan xavotirda.

Turkiyada joriy etilgan uch oylik favqulodda holat doirasida shu paytgacha o'n minglab odam ishdan bo'shatilgan, minglab davlat xodimlari, harbiylar va politsiyachilar hibsga olingan.

Turkiya 15-iyul kuni yuz bergan isyon ortida AQShda istiqomat qiluvchi diniy arbob FathullaGulen turganini aytmoqda. Anqara Vashingtondan uni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda.

Turkiya tashqi ishlar vaziri va boshqa rasmiylarning aytishicha, agar AQSh Gulenni Anqaraga topshirmasa, aloqalarga zarar yetadi.

Agar asosli dalillar taqdim etilsa, AQSh ekstraditsiya so'rovini ko'rib chiqishini bildirgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an ayni paytda mamlakatda o'lim jazosi qayta tiklanishi mumkinligini aytmoqda.

Yevropa Ittifoqi, agar o'lim jazosi qayta tiklansa, Anqaraning ittifoqqa qo'shilish orzusi puchga chiqishidan ogohlantirgan. Turkiya 2005-yildan beri Yevropga Ittifoqiga qo'shilishga urinib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG