Breaking News

Turkiya va O'zbekiston harbiy hamkorlikni kuchaytiradi


2016-yil 18-noyabrda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) O'zbekistonga tashrif buyurgan edi.
2016-yil 18-noyabrda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) O'zbekistonga tashrif buyurgan edi.

O'zbekiston-Turkiya aloqalarida navbatdagi siljish kuzatilmoqda, ammo munosabatlar rivoji hozircha oliy tashrif darajasiga ko'tarilgani yo'q.

Toshkentga safar qilgan Turkiya Milliy mudofaa vaziri Nuriddin Janikli Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan, munosabatlarni rivojlantirish masalasi gaplashilgan.

O'zbekiston Turkiya bilan hamkorlikda harbiy texnikalar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishi mumkin. Mamlakatda harbiy sanoatga asos solish Mirziyoyevning saylov dasturida belgilangan vazifalardan biri edi.

Turkiya O'zbekistonda harbiy sanoatni rivojlantirish uchun hamkor sifatida tanlanishi ehtimoli bor. Mudofaa vaziri Nuriddin Janiklining O'zbekistonga safari natijalari shunday xulosalarga asos beradi.

Toshkentda Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev tomonidan tantanali kutib olingan Nuriddin Janikli o'z hamkasbi bilan o'tkazilgan keng qamrovli muzokaralardan tashqari prezident Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilindi, harbiy va xavfsizlik sohadagi hamkorlikni kuchaytirish masalasi gaplashildi.

Harbiy hamkorlikka oid tarqatilgan ma’lumotga ko'ra, Turkiyadan 10 dona zirxli harbiy texnika xarid qilish rejalangan. Mintaqa sharoitida sinovdan o'tkazilgan bu texnikani O'zbekistonda ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilinmoqda.

Turkiya tomoni moliyalashtirishi kutilayotgan mazkur loyiha amalga oshsa, bu Mirziyoyevning harbiy sanoatga asos solish rejasidagi dastlabki qadamlardan bo'ladi.

Turkiya dunyo miqyosida harbiy salohiyat bo'yicha sakkizinchi o'rinda turadi. O'zbekistonning bu boradagi imkoniyati ancha past, ammo Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya sifatida qayd etilgan.

Harbiy hamkorlik o'zbek armiyasini isloh qilishni ham maqsad qilayotgani aytilmoqda.

“Hozir o'zbek armiyasi foydalanayotgan Rossiya harbiy texnikasining Turkiyadagi muqobillari ancha ustunroq, jumladan, xarid qilinishi rejalangan zirxli mashinalar ham yuqori texnologiya bilan jihozlangani, sputnik aloqalarga ixtisoslashgani bilan ajralib turadi. Turkiya AQSh, Yevropa, boshqa rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib o'z harbiy texnologiyasini yaratdi, ayniqsa, yirik bo'lmagan qurol-yarog' ishlab chiqarishda. Bu texnika Rossiyanikiga nisbatan ham ancha ilg'or, O'zbekiston bundan faqat yutadi. Mendagi ma’lumotlarga ko'ra, gap nafaqat Turkiya bilan harbiy texnik hamkorlikni rivojlantirish, balki o'zbek armiyasini isloh qilish, son ustunligidan sifat ustunligiga o'tishni ham maqsad qilmoqda”, - deydi bir qancha vaqt Turkiyada yashagan sharhlovchi Safar Bekjon.

Turkiya-O'zbekiston munosabatlari Karimov davridagi ziddiyatlarni unutib, yangi bosqichga chiqishni maqsad qilmoqda. Karimov o'limidan so'ng O'zbekistonga kelgan yetakchilardan biri Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an edi. Munosabatlarda yangi sahifa ochilishi shu safar davomida Erdag'on va Mirziyoyev tomonidan e’lon qilindi, saylov arafasida turgan Mirziyoyev Turkiyaga taklif qilindi.

Mirziyoyev prezidentlikka kirishgach, dastlabki delegatsiyalaridan birini Turkiyaga jo'natdi, iqtisodiy hamkorlik, Turkiya sarmoyasini jalb qilishga doir muzokaralar o'tdi.

Toshkentdagi manbalardan biriga ko'ra, turk biznesi O'zbekistonda konvertatsiya ochilishini kutib turibdi:

“Konvertatsiya masalasi uzil-kesil hal etilganidan so'ng Turkiyadagi juda ko'p tadbirkorlar O'zbekistonga pul tikishi, biznesini yuritishi mumkin, bunga qiziqish bildirayotgan turk ishbilarmon doiralari juda ko'p. Jumladan, Angren iqtisodiy zonasida katta zavod qurilishiga qiziqish bor. Shuningdek, turklar Urgut iqtisodiy zonasiga ham taklif qilinmoqda. Hozircha lekin aniq raqamlar haqida gapirish qiyin”.

Safar Bekjonga ko'ra, ziddiyatlardan so'ng qayta jonlanayotgan Toshkent-Anqara munosabatlari hali muzokaralar jarayonida, bu narsa ikki o'rtada hamon prezidentlarning oliy tashrif bo'yicha bir to'xtamga kelinmaganida ham ko'rinadi.

“O'zbekistonda yangi hokimiyat ish boshlashidan so'ng Turkiyadan 10 milliardga yaqin sarmoyaviy yordam kutilayotgan edi, ammo Turkiyaning o'zini ahvoli ham unchalik yaxshi emas, shuning uchun ham bu yordamni ko'rsata olmadi. Nazarimda, Mirziyoyev aynan shuning uchun Turkiyaga borishning foydasi yo'q deb topdi, o'z navbatida bunday imkoniyatni taqdim eta olmagan Erdog`an ham tashrif masalasini ko'tarayotgani yo'q. O'rtada bir milliardlik yordam kelishuvi bor, zirxli mashinalar xaridi ham shu mablag' hisobiga amalga oshsa kerak. Xullas, hozirgi mavjud hamkorlik shartnomalari davlat rahbarlari tashrifi saviyasiga javob bermaydi”, - deydi Safar Bekjon.

Turkiya Mudofaa vaziri Janiklining O'zbekistondagi muzokaralari natijasida o'zbek harbiylarining Turkiyadagi o'quv mashg'ulotlarida qatnashishlari bo'yicha ham kelishuvga erishilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG