Breaking News

AQSh va Turkiya inqirozdan chiqish yo'llarini muhokama qilmoqda


AQSh va Turkiya bir-biriga nisbatan viza cheklovlarini joriy etgach, ikki mamlakat diplomatlari vaziyatdan chiqish yo’lini muhokama qilarkan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Vashingtonni tanqid qilishda davom etmoqda.

Unga ko’ra, Vashington va Turkiyaning NATOdagi hamkorlari o’tgan yilgi davlat to’ntarishiga harakatga qo’l urgan odamlarga boshpana taklif etmoqda.

“Qonunni hurmat qilgan mamlakatlar bilan strategik hamkorlikni Turkiya ham hurmat qiladi”, - dedi u. Erdog’anning aytishicha, G‘arb davlatlari Anqaraning tagiga suv quymoqda.

“AQShni demokratiya beshigi deb aytishadi. Ammo bunday emas. Amerika meni mehmonga chaqirib, shu paytning o’zida 13 nafar soqchimni hibsga olishni buyurdi. Bunday mamlakatni madaniyatli deb bo’lmaydi”, - dedi u.

Amerika prokurorlari Erdog’an soqchilarini may oyida uning Vashingtonga safari chog’ida Turkiya elchixonasi yonida to’plangan namoyishchilarga hujum qilganlikda ayblamoqda.

AQShning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalarida ishlagan ikki turk fuqarosi terrorizmda ayblanishi ketidan Vashington turkiyaliklarga viza berishni vaqtincha to’xtatib qo’ydi. Anqara ham shunday chora bilan javob berdi. Diplomatlar vaziyatdan chiqish yo’llarini izlamoqda. Davlat departamentiga ko’ra, muzokaralar ijobiy kechmoqda.

“Al Monitor” internet sahifasi siyosiy sharhlovchisi Semih Idiz Erdog’anning Vashingtonga qarshi so’nggi hujumlarini shunday izohlaydi:

“Erdog’an kutilmagan va nozik bir paytda shunday izohlar qilishga usta. Ammo shuni unutmaslik kerakki, u yaqinda Nyu-Yorkka borganida uni e’tiborli do’st deb atagan Donald Tramp bilan yaxshi gaplashib keldi. Turkiya Vashington bilan mavjud muammolaridan xabardor, shunga qadamini diqqat bilan bosishga majbur”, - deydi tahlilchi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’anning Amerikaga qarshi qattiq gaplari ichki siyosat bilan izohlanadi - turk millatchilariga bunday yondashuv manzur, Erdog’an esa 2019-yil prezident va parlament saylovlarida ularning ovozlarini olishga umid qilmoqda.

Aloqalar hali-beri iliqlashmasligi mumkin, chunki ikki tomonlama qator muammolardan tashqari, Vashingtonning Suriyada “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan kurdlarga yordami ularni terrorchi deb bilgan Anqarani g’azabga solishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG