Bu yil Birinchi jahon urushi yakunlanganining 100 yilligi dunyo bo’ylab keng nishonlanmoqda. Usmoniylar imperiyasidan vujudga kelgan Turkiya urushda Germaniyaning asosiy ittifoqchisi bo’lgan, shu sabab urushning tugagani bu mamlakatda nishonlanmaydi. Turkiya urushdagi mag’lubiyati va istiloni xotirlashni istamaydi.
Bugun dunyoning aksariyat yuk kemalari Istanbul orqali o’tadi. 100 yil oldin dushman harbiy kemalari imperiyaga so’nggi zarba berdi. Turkiyada o’sha payt voqealarini hech kim esga olgisi kelmaydi.
“Mamlakatimizda Birinchi jahon urushining boshlanishi ham, tugashi ham xotirlanmaydi, chunki o’sha urushdan biz katta zarar ko’rganmiz”, - deydi Qodir Xas universitetidan Serhat Guvench.
Urush nafaqat Istanbulning bosib olinishiga, balki Usmoniylar imperiyasining parchalanishiga olib keldi. Britaniya va Fransiya usmoniylardan olib qo’ygan hududlar keyinchalik zamonaviy Suriya va Iroq davlatlariga aylandi.
“Birinchi jahon urushidan qolgan ko’plab masalalar Turkiya siyosati va madaniyatiga hanuz ta’sir qilmoqda. Imperiyani yo’qotishdan olingan yaralar, Sevr sindromi kabi mamlakatni qo’ldan boy berish qo’rquvi, dushman qurshoviga tushib qolish qo’rquvi hukm surmoqda. Vatanni yo’qotish qo’rquvi haligacha mavjud”, - deydi Guvench.
Turk maktablarida Mustafo Kamol Otaturk Birinchi jahon urushidan so’ng g’olib davlatlarning Turkiyani bo’lib tashlashga qaratilgan harakatlariga qattiq turgan, deb o’qitishadi. Aks holda Sevr bitimiga ko’ra, Turkiya kattaroq hududlardan ayrilgan bo’lardi.
Zamonaviy Turkiyada islomiy qadriyatlar va millatchilikni yuksaltirgan Prezident Rajab Toyib Erdog’an usmoniylar o’tmishini qo’msab turadi, turklar boy berilgan hududlarni afsus bilan xotirlaydi.
Bir vaqtlar Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo’lgan qo’shni Suriya va Iroqdagi mojarolar, ba’zilar nazarida, tarixiy adolatni tiklash uchun qulay imkoniyatdir.
“Bugun Yaqin Sharq ag’dar-to’ntar ekan, Birinchi jahon urushidan keyingi yaralarga malham sepish maqsadida, Turkiyaga tegishli yerlarni qaytarib olish maqsadida chegaralarni kengaytirish haqida gaplar bo’lyapti”, - deydi sobiq turk diplomati Oydin Seljen.
Turkiya askarlari Iroqda ham, Suriyada ham harakatlanmoqda. Suriyada “Islomiy davlat” jangari guruhi va kurd qurolli qismlariga qarshi jang qilishmoqda.
Facebook Forum