Turkiya va Gretsiya nafaqat harbiy sohada raqobatlashmoqda, balki energetika sektorida ham.
O’tgan oy Turkiya Liviyaning milliy birlik hukumati bilan yoqilg’ini qazib olishga doir kelishuv imzoladi. Anqara qo’sh hukumat hukmron Liviyada Tripolidagi rejimga harbiy madad uzatib turadi.
“Liviya Turkiyaga iqtisodiy yuksalishda yordam beryapti. Ushbu jarayon Gretsiyani noqulay ahvolga solyapti. Masalaning siyosiy jihati shunda”, - deydi tahlilchi Jalol Xarchuy.
Liviya bilan kelishuv Turkiyaga O’rta Yer dengizida Gretsiya da’vo qilayotgan hududlarda izlanish ishlarini olib borishga imkon beradi.
Egey dengizidagi bahsli hududlarda ham bu ikki mamlakat harbiylari muntazam ravishda yuzlashib turadi. Liviya bilan kelishuv Turkiya va Gretsiya o’rtasidagi energetik raqobatni yanada kuchaytiradi.
“Egey dengizidagi qarama-qarshiliklarni ko’rganmiz. Turkiyaning Kipr suvlaridagi provokatsiyalariga ham guvoh bo’ldik. Bularning barchasi grek hukumatining g’azabini keltirmoqda”, - deydi Yunon milliy mudofaa kollejidan Aya Burveyla.
Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias yaqinda Qohirada misrlik hamkasbi Samih Shukriy bilan ko’rishib, Turkiyaning Liviya bilan yoqilg’i kelishuvini qoralashdi.
Misr Turkiya bilan tarang aloqalarni yaxshilashga qaratilgan muzokaralarni to’xtatayotganini bildirdi.
Tahlilchilarga ko’ra, mintaqa davlatlari ushbu tortishuvga tobora ko’proq aralashmoqda.
“Gretsiya, Kipr, Misr bir tarafda yarim oy shaklida saflanib turibdi. Misr omili juda muhimdir, chunki Qohira Liviyaning sharqiy qismini orqa hovlisi deb biladi. Shu sabab Turkiyaning bu mamlakatda quruqlik yoki dengizdagi faoliyatini hazm qila olmaydi”, - deydi jenevalik tahlilchi.
Gretsiya va Misrning eng yaqin ittifqochisi bo’lgan Fransiya Turkiyaning Liviya bilan kelishuvini xalqaro qonunga zid deya tanqidga oldi.
Fransiya va Gretsiya o’rtasida o’zaro mudofaa bitimi mavjud. Parij Afinaga qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishda yordam beradi.
“Har ikki taraf tortishuv haqiqiy urushga aylanib ketishi mumkinligini yaxshi tushunadi. Bu mojaroda yolg’iz Turkiya va Gretsiya qatnashmaydi. Boshqa mamlakatlar ham bor – Misr, Fransiya, Isroil. O’rta Yer dengizining sharqiy qismi yirik geosiyosiy zonadir. Shu sabab mojaro faqat ikki davlat ishtiroki bilan cheklanmaydi”, - deydi Sabanji universitetidan siyosatshunos Sanam Oydin-Duzgit.
Liviya bilan erishilgan kelishuv doirasida Turkiya Gretsiya da’vo qilayotgan hududga kemalarini yuborsa, Afina qanday javob berishi hozircha ma’lum emas. Biroq mojaro ehtimoli, deydi ayrim kuzatuvchilar, mintaqadagi mamlakatlarni ixtilofning oldini olishga harakat qilishga undaydi.
Facebook Forum