Toshkentda mintaqadagi ilk respublika - Turkiston muxtoriyatining 100 yilligiga doir tadbir o’tkazildi. Bir asr oldin Turkiston muxtoriyati bolsheviklar tomonidan qulatilib, uning poytaxti Qo’qon shahri esa vayronaga aylangan edi.
Tadbir tashkilotchilari norasmiy taqiqda bo’lgan Turkiston muxtoriyati faoliyatini jamoatchilikka taqdim etishdan mamnun. Ammo o’zbek ziyolilarining aksariyati hamon qo’rquv iskanjasida, deydi ular.
Toshkentdagi Temuriylar muzeyida o’tgan tadbir - shaxsiy tashabbuslar mahsuli. Konferensiyaga hokimiyatning aloqasi yo’q, ammo uzoq yillar jamoatchilik miqyosida xotirlanishi taqiq ostida bo’lgan Turkiston muxtoriyatiga oid mavzuda anjuman o’tkazilishiga rasman ruxsat berilgan.
Tadbir tashkilotchisi Anvar Nazirning ta’kidlashicha, faoliyati qirg’in va qatag’onlar bilan yakunlangan Turkiston muxtoriyatiga doir o’tgan tadbir oradan yuz yil o’tib ham muxtoriyat xotirasi ko’plab o’zbeklar zehniyatida qo’rquv uyg’otishini ko’rsatgan.
“Bir narsani angladimki, gap faqat rahbariyatda emas. Ziyolilarning o’zlariga ham ko’p narsa bog’liq. Deylik, o’sha rasmiy ziyolilarimiz, agar shunday deyish mumkin bo’lsa, ularning o’zlari qo’rqoq. Vaziyatga moslashuvchan, ko’p narsani yetkazishmaydi. Turkiston muxtoriyatini haliyam Sovet metodologiyasi bo’yicha o’rganishmoqda. Biz hammani chaqirdik, lekin kutgan odamlarimizning ko’pchiligi kelmadi. Qo’rquv bor. Mana, Qozog’iston olimlari O’zbekistonga rasman murojaat qilishgan - Alash arda bilan Turkiston muxtoriyati haqida umumiy bir tadbir o’tkazishni so’rab, lekin jimlik. Ular hozir Rossiya O’zbekistonda haddan tashqari faollashib ketdi. Universitetlar ochyapti. Tepada ham rusparastlar bor. Shuning uchun bu kimga qanday yoqadi, degan mulohazada qolishgan. Bundan qat’i nazar, bizning maqsadimiz boshqa edi, Turkiston muxtoriyati XX asrdagi yangi siyosiy tariximizni boshlab bergan ulkan voqelik bo’lgan. Shu narsani jamoatchilikka yetkazish edi. Bu siyosiy voqelikka yondashishda sovet metodologiyasidan voz kechish kerak”, - deydi Anvar Nazir.
Temuriylar muzeyidagi tadbirda xorijlik diplomatlar, jamoatchilikka taniqli o’zbek yozuvchilari, shoirlari, yosh tarixchilar ishtirok etgan. Munozaralar muxtoriyatning demokratik boshqaruvga asoslangan ilk respublika ekanligi, Markaziy Osiyoda tutgan siyosiy ahamiyati, muxtoriyat faoliyati mafkuradan xoli qilingan ilmiy tadqiqotlarga muhtojligi haqida borgan.
Markaziy Osiyodagi dastlabki respublika - Turkiston muxtoriyati faoliyati uzoqqa cho’zilmagan, 1917-yilning noyabrida tashkil topgani e’lon qilingan muxtoriyat 1918-yilning 19-fevraliga borib bolsheviklar tomonidan butunlay yakson qilinadi. Muxtoriyatning poytaxti Qo’qon shahri vayron qilinadi, 10 mingga yaqin aholi qirg`in qilinadi. Turkiston muxtoriyati bugun o’zbek taraqqiyparvar ziyolilari sifatida tarixga kiritilgan avlod faoliyati bilan bog’liq. Bu avlodning aksariyati muxtoriyat inqirozga uchrashi ortidan millatchilar sifatida sovet hokimiyatining qatag’oniga uchradi, surgun qilindi, otib tashlandi.
Bu ma’lumotlar bugun O’zbekistonning yangi tarixida ham aks etgan. Ammo tadbir tashkilotchilariga ko’ra, Turkiston muxtoriyati faoliyatini baholashda mafkuraviy yondashuvlardan voz kechilishi kerak.
“Oliy ta’lim vazirligidan, Fanlar akademiyasidan vakillar kelishini, munozaralarni eshitishini kutgan edik. Chunki fan ham Milliy xavfsizlik xizmati nazorati ostida faoliyat yuritib keldi. Mana hozir olim Andrey Kurbatovning masalasi ko’rilyapti. Ya’ni, bu mavzuni ko’rish mumkin emas, bunisi millatchilik, bunisi kimgadir yoqmaydi, degan narsa bor, ko’rdik. Men tadbirdaligimda bir olim SMS jo‘natdi, uzr, men ma’ruza bilan qatnasha olmayman, deb. Qo’rquv hamon bor. Biz ko’p, turli qirrali fikrlarni eshitdik, shu jumladan, nega turkshunoslik deyarli o’lik holga kelib qolgani haqida ham. Hozirgacha tarix sohasidagi muammolar ochiq gapirilgan bunday minbarning o’zi yo’q edi”, - deydi Anvar Nazir.
Konferensiyada G’arb davlatlaridan diplomatlar ishtirok etgan, ammo Turkiston muxtoriyati doxil bo’lgan mintaqa davlatlari elchiliklaridan hech kim kelmagan, o’zbek matbuotida cheklangan tarzda yoritilgan.
“Kun.uz, xabar.uz kabi mahalliy nashrlarga rasmiy taklifnoma bilan chiqqan edik, ammo mavzuni yoritishni lozim topishmadi. "Madaniyat va ma’rifat" telekanalidan kelishdi, ammo rasmiy matbuot, televideniyening Turkiston muxtoriyatiga munosabati o’zgarmagan, avval qanday gapirmagan bo’lsa, hozir ham shunday bu haqda hech narsa deyilmaydi”, - deydi Anvar Nazir.
Turkiston muxtoriyati faoliyati avval muhokamasi taqiq ostida deb ko’rilgan, yangi hokimiyat davrida esa jamoatchilikning o’z tashabbusiga ko’ra muhokamasi ochiq o’tkazilayotgan dastlabki mavzulardan ekanligi bilan ham diqqatli ko’rinadi.
Facebook Forum