Breaking News

Turkiya-Isroil tortishuvi tahlilchilar nigohida


Ayrim turkiyalik mutaxassislar nazarida Turkiyaning Isroil bilan munosabatlari endi yaxshi bo'lmaydi, boshqalar esa buni vaqtincha holat deb atamoqda.

Turkiya va Isroil aloqalari so'nggi 20 yildan beri rivojlanib bormoqda. Biroq shu hafta G'azo yaqinidagi hodisa munosabatlarni tubdan o'zgartirishi tabiiy. Isroil kuchlarining G'azoga gumanitar yuk olib ketayotgan kemalarga hujum qilib, 8 nafar turk fuqarosini o'ldirgani mamlakatda Isroilga nisbatan g'azab va noroziliklarni avj oldirgan.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Isroilni qatliomda ayblab, ishni Xalqaro sudga oshirmoqchi. Turk siyosatchilari Isroil bilan munosabatlarga putur yetganini aytib, yahudiy davlati mintaqada eng yaqin do'stidan ayrilayotganini ta'kidlamoqda.

Istanbul universiteti professori Nuray Mertning aytishicha, arab davlatlari rahbarlari Turkiyaning Isroil bilan tortishuvidan mamnun emas.

"Arab jamoatchiligi Turkiyaning Falastin huquqlari himoyasiga turganini olqishlab, rahbarlarini zaiflikda ayblagani arab liderlariga yoqmayapti", - deydi u.

Mertning aytishicha, G'azoga qarshi embargoni joriy etishda Isroildan tashqari Misr ham faol bo'lgan. Chunki rasmiy Qohira G'azoda Xamasning qo'li baland kelayotganidan xavotirda. Biroq Turkiya hukumati Xamasni tahdid deb bilmaydi. Falastinda 2006 yil saylovlaridagi Xamas g'alabasidan so'ng guruh yetakchisi Xolid Mash'alning Anqaraga taklif etilgani oddiy arablar tomonidan olqishlangan edi, deydi tahlilchi.

Turkiya hukumati maslahatchisi Gohan Chetinsayorning aytishicha, bu ijobiy hol, chunki bir vaqtlar Usmoniylar Imperiyasi tarkibida bo'lgan arablar uzoq vaqt Turkiyaga shubha bilan qaragan.

"Arab millatchilari Turkiyani mintaqada salbiy o'yinchi, sobiq imperialist kuch sifatida ko'radi. So'nggi paytda mintaqada vaziyat o'zgarib, Turkiya yana eski roliga qaytmoqda", - deydi Chetinsayor.

Tahlilchilar nazarida Turkiya bosh vaziri o'zini Yaqin Sharq sardori qilib ko'rsatishga harakat qilmoqda. Ammo bundan uning Isroil bilan munosabatlari zarar ko'rmoqda.

Ikki davlat so'nggi 20 yil davomida kuchli strategik siyosiy va harbiy ittifoq qurgan. Bu esa Turkiyaga Yaqin Sharqda vositachilik qilishda as qotgan edi. Masalan, Isroil-Suriya o'rtasida.

Bog'chasehir universiteti tahlilchisi Chingiz Oqtorning aytishicha, Isroilning kemalarga hujumi natijasida vaziyat o'zgarishi aniq.

"Turkiyaning Isroilga ham bilvosita, ham bevosita aloqador tinchlik jarayonida vositachilik roliga eng ko'p zarar yetdi, deb o'ylayman. Jarayon butunlay to'xtab qolishiga shubham yo'q", - deydi Oqtar.

Turkiyada parlament va jamoatchilik hukumatdan Isroil bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqishni talab qilmoqda. Prezident Abdulla Gul munosabatlar bundan keyin oldingiday bo'lmaydi, degan.

Turkiyalik siyosatshunos Soli O'zal fikricha, Bosh vazir Erdog'an Isroil bilan uzoq muddatli nizoning oldini olishga harakat qilayotgan bo'lishi mumkin.

"Bosh vazir Isroil davlatini ayblamasdan barcha tanqidlarini amaldagi hukumatga yog'dirgan. Ya'ni Erdog'an Isroil davlati va hozirgi hukumatini bir-biridan ajratib, hukumat almashgan taqdirda aloqalarni yaxshilash uchun imkoniyat qoldiryapti", - deydi O'zal.

Tahlilchilar nazarida Erdog'anning Falastin himoyasida turib, arab rahbarlari bilan yaqinlashayotgani islomiy partiyasi ichida yaxshi qabul qilinishi mumkin, biroq uzoq muddatda, rasmiy Anqara Isroil bilan iliq aloqada bo'lmay, na unga va na Vashingtonga o'z ta'sirini o'tkazishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG