Saparmurod Niyozov vafotidan keyin hokimiyatni egallagan Qurbonguli Berdimuhammedov davrida Turkmaniston qanday o’zgarishlarga yuz tutdi? Iqtisodiyot va siyosatda islohotlar ro’y berdimi? Yaqinda Jons Xopkins universitetida o’tgan ilmiy yig’inda xalqaro kuzatuvchilar shu masalada fikr almashdi.
Tahlilchilar fikricha, Turkmaniston iqtisodiyoti barqaror o’sishda davom etmoqda. Ammo rivojlanish, asosan, gaz va neft sanoatida. Mamlakat tabiiy gaz zaxiralari ko’pligi bo’yicha dunyoda 4-o’rinda turadi. Xalqaro valyuta jamg’armasining Turkmaniston bo’yicha vakili Veronika Bajalu fikriga ko’ra, o’tgan 10 yilda mamlakat yalpi milliy mahsuloti besh baravar o’sgan.
“2011-yilga kelib mamlakat o’rtachadan yuqoriroq daromadga ega davlatlar qatoriga kirdi. Bu juda yaxshi ko’rsatkich. Mamlakat iqtisodiyoti nisbatan kichik, aholisi ham oz. Ammo rivojlanish tez. 10 yil avvalgiga qaraganda o’zgarishlar ancha katta”, - deydi Xalqaro valyuta jamg’armasi vakili.
Saparmurod Niyozovdan keyingi davrda eksport va import mollari hajmi oshgan. Gaz va neft sanoatiga xorijliklar kiritayotgan sarmoya ham ko’paymoqda. Qurilish va xizmat ko’rsatishda ham o’sish bor.
“Iqtisodiy o’sish, asosan, gaz, neft, qurilish va xizmat ko’rsatish sohalarida kuzatilayotgan bo’lsa, mamlakatga kiritilayotgan sarmoya ham, asosan, davlat ajratayotgan mablag’dan kelmoqda. Ammo so’nggi yillarda xorijiy investitsiya miqdori ham oshgan. Davlat gaz savdosi hisobiga mo’maygina xorijiy valyuta zaxirasini g’amlagan”, - deydi Veronika Bajalu.
Turkmaniston Jahon savdo tashkiloti a’zosi emas. Ammo so’nggi yillarda kuzatuvchi maqomini olish uchun muzokaralar olib bormoqda.
Tahlilchilar fikricha, iqtisodiyotda muammolar ham yo’q emas. Tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, ularni to’g’ri boshqarish, shuningdek, byudjet xarajatlarini samarali maqsadlar sari yo’naltirish hamda daromad va xarajatlarni to’g’ri hisob-kitob qilish masalasida hukumat kamchiliklarga yo’l qo’ymoqda, deydi Xalqaro valyuta jamg’armasi vakili.
“Mamlakat uzoq muddatni ko’zlovchi moliyaviy siyosat ishlab chiqishi lozim. Yurt tabiiy gaz zaxirasiga boy ekani bois yaqin orada bu masalada muammolar bo’lmasligi mumkin. Ammo bu resurslardan oqilona foydalanilmasa, iqtisodning uzoq muddatli o’sishini ta’minlash uchun gaz va neft sanoatidan boshqa sektorlar rivojlantirilmasa, iqtisodiyot barqarorligi xavf ostida bo’lishi mumkin”, - deydi xalqaro iqtisodchi.
Siyosatshunos Slavomir Xorak nazarida prezident Qurbonguli Berdimuhammedov mintaqadagi boshqa davlat rahbarlari singari avval iqtisodiyot, keyin siyosat degan aqidaga ergashadi. Ammo shunga qaramay, u siyosiy hayotda qator o’zgarishlarni amalga oshirishga urindi, deydi u.
“2008-yilda yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi katta o’zgarish bo’ldi. Yangi qomus bundan buyon Turkmaniston siyosiy sahnasida kim qanday rol o’ynashini belgilab berishda muhim vazifani o’taydi”, - deydi tadqiqotchi.
Yangi konstitutsiya tatbiq etgan eng katta siyosiy o’zgarishlardan biri bu Saparmurod Niyozov davridagi Xalq Kengashining tarqatilishi bo’ldi. O’zida qonunchilik va ijro hokimiyatini jamlagan sobiq kengash vakolatlari prezident va yangi tuzilgan parlamentga o’tdi.
Prezident Berdimuhammedov mamlakatning xalqaro miqyosdagi obro’sini yaxshilashga ham bel bog’lagan. O’tgan yili qabul qilingan yangi qonunga ko’ra, mamlakatning uzoq yillardan beri amalda bo’lgan bir partiyaviylik tizimiga barham berildi.
“Yangi rejim Turkmanistonda ko’ppartiyaviylik amalda ekanini ko’rsatishga urinyapti. Hozir ikki partiya faoliyat yuritmoqda. Birinchisi prezident Berdimuhammedov rahbarligidagi Demokratlar partiyasi bo’lsa, ikkinchisi yangi qonun asosida tashkil etilgan Sanoatchilar va ishbilarmonlar partiyasi”, - deydi Xorak.
Tahlilchi nazarida Berdimuhammedov hokimiyatga kelishi bilan Turkmanboshi davridan qolgan shaxsga sig’inish asoratlariga qarshi faol kurash boshlandi.
“Ayni paytda u odamlar ongida g’oyaviy bo’shliq paydo bo’lmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan ish tutdi”, - deydi Xorak.
Berdimuhammedov 2007-yilda Turkmanistonda yangi uyg’onish davri boshlanganini e’lon qildi. O’tgan yili prezidentlikka qayta saylangach esa, o’lka qudrat va baxt-saodat asriga kirganini ma’lum qildi. Xalqaro kuzatuvchi nazarida yangi prezident ham o’z shaxsini ulug’lash va hokimiyatini mustahkamlash yo’lidan bormoqda.
“Rejim hanuz avtoritar boshqaruvga asoslangan. Ammo ahvol Turkmanboshi davriga qaraganda ancha yaxshi”, - deydi u.
Turkmaniston ta’lim tizimini o’rgangan yosh olim Jan Shirning aytishicha, bu sohada ham qator islohotlar o’tkazilgani ko’zga tashlanadi.
“Avvalo, ta’limni xalqaro standartlarga moslash bo’yicha o’zgarishlar qilindi. Masalan, maktablar 9 yillikdan 11 yillik tizimga o’tkazildi. Maktablarni yangi o’quv-texnik jihozlar bilan ta’minlash, yangi darsliklar yaratish, “Ruhnoma” avlodi bo’lgan o’qituvchilar malakasini qayta oshirish borasida jiddiy ishlar amalga oshirildi”, - deydi u.
Ammo islohotlar aniq maqsad va rejalarsiz, shoshma-shosharlik bilan amalga oshirildi, deydi kuzatuvchi. Uning aytishicha, o’qituvchilar yangi o’zgarishlar uchun tayyor emas.
“O’quvchilar uchun, ayniqsa, 11-12 sinflar uchun yangi o’quv dasturi puxta ishlab chiqilmagan. Muallimlar nimani va qanday o’qitishni bilmaydi. Yangi darsliklar sifati past. Ayrim o’qituvchilar hanuz sovet davridagi darsliklardan foydalanadi”, - deydi Jan Shir.
Universitet ta’limi sifatini yaxshilash borasida yangi dasturlar ishlab chiqilgan. 2007-yildan beri mamlakatda talabalar soni ikki barobar oshgan. Ammo eski davrdagi muammolar hanuz mavjud.
“Universitetlarga kirish juda qiyin. Qaysi universitetga kirish uchun qancha berish kerak, pora stavkalari bor. Ta’lim tizimida korrupsiya keng tus olgan. Prezident ham buni juda yaxshi biladi”, - deydi tadqiqotchi.
Mamlakat iqtisodiyoti, siyosati va ta’lim tizimini o’rgangan tadqiqotchilar har uch yo’nalishda ijobiy o’zgarish va islohotlar borligini aytadi. Ayni paytda, ular yana bir fikrda yakdil: Turkmanboshi Saparmurod Niyozov davrining ko’plab muammo va kamchiliklari yangi prezident qo’li ostida ham davom etmoqda.