Kecha Turkmanistonda prezident saylovlari bo'lib o'tdi. Amaldagi rahbar Qurbonguli Berdimuhammedov 97 foiz bilan yangi besh yillik muddatga saylandi. Bu 2007-yilda unga berilgan ovozlardan sakkiz foizga ko'pdir.
54 yoshli Qurbonguli Berdimuhammedov yetti nomzodni dog'da qoldirib, barcha lavozimlarini saqlab qoldi. Prezident bo'lishdan tashqari u bosh vazir hamdir; Turkmanistondagi yagona siyosiy partiya yetakchisi, qurolli kuchlar oliy qo'mondoni. Uning g'alabasiga shubha bo'lmagan. Saylov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilarisiz va muxolifat ishtirokisiz o'tdi.
Nomzodlarni ro'yxatga olish jarayoni tugashiga besh kun qolganda muxolif nomzodlarga saylovda ishtirok etishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi. Ammo oppozitsiyaning xorijdagi vakillaridan hech biri omadini sinagisi kelmadi. 2007-yilgi saylovlarda qatnashgan nomzodlarning ba'zilari bugun qamoqda, boshqalari lavozimidan ayrilgan, kimdir surgunda.
Salkam uch million saylovchidan 97 foizi ovoz berdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Orazmurod Niyozliyevning aytishicha, xalq prezidentga ovoz berib birdamligini namoyish etdi. Biroq Berdimuhammedov marhum rahbar Saparmurod Niyozovning 1992-yilgi saylovdagi rekordini ura olmadi. Turkmanboshi o'shanda 99,5 foiz ovoz to'plagan edi.
Yaqin Sharqda avtoritar rahbarlar xalq chiqishlari oqibatida hokimiyatdan ag'darilayotgan bir paytda tahlilchilar nazarida arab bahori Turkmanistonga hali-beri kelmaydi.
Absolyut hokimiyat Berdimuhammedov qo'lida bo'lgani bilan shaxsga sig'inish ko'lami marhum Turkmanboshi davriga qaraganda ancha past. Dabdabani xush ko'rgan Niyozov shohona hayot uslubini ko'z-ko'z qilishdan tortinmasdi. Turkmanboshining eng yaqin safdoshi bo'lgan Berdimuhammedov uchun ham dabdabali hayot yot bo'lmasa-da, hozirgi rahbar xalq ko'zi oldida o'zini kamtarroq tutishga harakat qiladi. Masalan, kecha saylov uchastkasiga otasi, o'g'li va nabirasi bilan Jiguli avtomobilida borgan.
Saylovlarni nazorat etgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev jarayondan ko'ngli to'q ekanini aytib, Turkmanistonda Liviya yoki Misrdagi kabi demokratiyaning bo'lishiga qarshiman, dedi.
"Suriyaga bir nazar tashlang. Demokratiya niqobi ostida mamlakat fuqarolik urushiga yuz tutmoqda", deydi u.