Turkmanistonda o'tgan xalqaro konferensiya qatnashchilari Rossiya va Turkiyani o'zaro ziddiyatni to'xtatishga chaqirdi. Turkmaniston betaraf davlat dea e'lon qilinganining 20 yilligi munosabati bilan o'tgan anjumanda Afg'oniston, Belarus, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari ishtirok etdi. O'zbekiston rahbari Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov bilan muzokara o'tkazdi.
Karimov Turkmanistonning betaraflik maqomini e'tirof etib, Berdimuhammedov xizmatini yuksak baholadi.
Karimovga ko’ra, Berdimuhammedov olg'a surgan siyosat neytrallik mamlakatni izolyatsiyaga tushiradi, degan qarashlarni yo’qqa chiqargan.
Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog’an Turkmaniston va Qirg’iziston prezidentlari bilan uchrashgan.
Rossiya safariga hozirlik ko’rayotgan Karimov Turkiya rahbari bilan Ashgabatda uchrashib muloqot qilgani haqida ma’lumot yo’q.
Mintaqaning aksariyat davlatlari o’z munosabatini bildirib o’tgan mojaro yuzasidan Toshkent sukut saqlab kelmoqda.
Turkiyadagi qarashlarga ko’ra, Turkmanistondagi uchrashuvlar Rossiya-Turkiya ziddiyati turkiy davlatlar o’rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishi mumkin degan fikrlarning haqiqatdan uzoqligini ko’rsatgan.
“O’zbeklar birligi” tashkiloti rahbari Adem Chevikning aytishicha, Turkmanistonda Turkiya rahbarining mintaqaga rejalangan safari yuzasidan muhokama borgan, ammo unda O’zbekiston ishtirok etgan yoki etmagani noaniq.
“Bu muhokamalar natijasida Turkiston davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni, energetik hamkorlikni rivojlantirishga kelishilgan", - deydi Adem Chevik.
Kreml federatsiya tarkibidagi turkiy tilli muxtor respublikalarga "Turksoy" tashkiloti bilan hamkorlik qilishni taqiqlab qo’ydi.
Bu ziddiyat Rossiyaning mintaqadagi ittifoqchisi Qozog’iston va Turkiya bilan yaqin aloqlalarga ega, ammo Moskva ta'sir doirasida bo’lgan Qirg’izistonni ham murakkab vaziyatga solib qo’ydi.
Adem Chevik fikricha, Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti, avvalo, insoniylikka qarshi qaratilganiga ahamiyat berish kerak. Turkiy davlatlar munosbatiga kelganda esa, aksincha, ayrim turkiy davlatlar o’rtasidagi aloqalar mustahkamlangan, deydi u.
“Bu ziddiyat Turkiyada ham, boshqa turkiy davlatlarda ham hamkorlikni rivojlantirish ehtiyojini shakllantirdi, jumladan, Turkiya va Ozarbayjon o’rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko’tarildi. Mana hozir, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston bilan ham munosabatlarni yangi pog’onaga ko’tarish masalasi ko’rib chiqilmoqda ”, - deydi Adem Chevik.
O’tgan oy Suriyadagi harbiy amaliyotga jalb qilingan rus harbiy samolyoti Turkiya qurolli kuchlari tomonidan urub tushirildi.
Anqaraga ko'ra, harbiy samolyot Turkiya chegarasini buzib kirgani uchun nishonga olingan. Moskva bunga ishonmaydi.
Bu mojaro ortidan aloqalar keskinlashdi. Rossiya Turkiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi. Federatsiyada ishlayotgan va yashayotgan turk fuqarolari va faoliyat yuritayotgan shirkatlar bosim ostida.