Bugun saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilganiga ikki yil to’ldi. “Vashington Post” gazetasida ishlagan muxbir Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida o’ldirilib chavoqlangan.
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasiga ko’ra, qirol oilasiga bir vaqtlar yaqin bo’lgan, ammo keyin uning tanqidchisiga aylangan jurnalistni o’ldirishni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon buyurgan.
Qirollik yuqori lavozimli rasmiylarning bu ishga aloqadorligini inkor etib, sakkiz odamni sudladi.
“Vashington Post” gazetasi muxbiri Bob Vudvord “Qahr” deb nomlangan kitobida AQSh Prezidenti Donald Trampdan Qoshiqchining o’limiga shahzoda Muhammadning aloqadorligi haqida so’raganini yozadi. Vudvordning aytishicha, Tramp shahzodani saqlab qolganini, Kongressdan uni tinch qo’yishni so’raganini aytib maqtangan gaplari audiotasmaga tushirilgan.
“Prezident Trampning ushbu audiotasmada valiahd shahzodani jazodan shaxsan qutqarib qolganini tan olishi bin Salmonga istaganini qilish uchun, odam o’ldirish uchun ruxsatnomadir”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasidan Sharif Mansur.
Prezident Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeo Qoshiqchining o’limini qoralash bilan bir qatorda Saudiya Arabistoni terrorga qarshi kurashda AQShning muhim hamkori va ittifoqchisi ekanini aytishgan. Ayrim qonunchilar Tramp ma’muriyatining bu ishga ko’z yumganini qoraladi.
BMT ma’ruzachisi Anyes Kallamar o’z hisobotida Qoshqichining qasddan o’ldirilishida Saudiya Arabistonini mas’ul tutib, AQSh Kongressida ko’rsatma berdi.
Facebook Forum