Breaking News

Ukrainada bo’lginchilar hujumida 13 askar halok bo'ldi


Yakshanba kungi prezident saylovlari oldidan Ukraina yanada notinch. Rasmiylar va guvohlarning so’zlariga ko’ra, Semyonovka va Rubejnoye shaharlarida, shuningdek, Donetsk mintaqasida qonli to’qnashuvlar davom etayapti.

Kecha separatistlar hujumida 13 askar halok bo’lgan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun zo’ravonlikni qoralab, saylov oshkora va adolatli o’tishiga chaqirmoqda.

Ukraina mulozimlari so’nggi voqealarda Rossiyani ayblamoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida esa Ukrainada mojaroni keltirib chiqargan aslida G’arb davlatlaridir.

“Ular sovuq urush davriga xos metodlar bilan Rossiyani jilovlashga harakat qilishyapti”, - dedi Lavrov Moskvada o’tgan matbuot anjumanida.

Yakshanba kungi saylovlar Ukrainani parokandalik tomon yetaklayotgan siyosiy krizisni hal qilish uchun imkoniyat deb ko’rilmoqda.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun mamlakat bo’ylab o’nlab ming politsiyachilar safarbar etilmoqda. Ammo ular sharqiy viloyatlarga qadam qo’yishi gumon.

Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk so’nggi voqealarni muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qildi. Uning aytishicha, Rossiya mojaro qo’zg’atib, 25-may kungi prezident saylovlarini izdan chiqarishga harakat qilayapti.

Kreml, o’z navbatida, Kiyevni sharqda harbiy operatsiyalarni kuchaytirayotganlikda, aholini tinchlantirish uchun biror chora ko’rmayotganlikda aybladi.

Bu orada, Rossiya Mudofaa vazirligi poyezd va samolyotlar yordamida minglab askar Ukraina chegarasini tark etganini bildirmoqda.

Rus rasmiylari qo’shinlar bazalariga qaytishini bot-bot takrorlab kelayotgan bo’lsa-da, NATOga ko’ra shu kungacha chegarada biror o’zgarish bo’lmagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG