AQShda Ukrainaga qurol uzatish chaqiriqlari yangramoqda. Prezident Barak Obama bu borada hali qaror qabul qilmagan.
Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, ayni damda Oq uy ma'muriyati mavzu bo'yicha qizg'in muhokama olib boryapti. Barcha choralar ko'rib chiqilmoqda, deydi u.
Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko AQShdan noyabr oyida qurol so'ragan. Mudofaa vaziri Chak Xeygel va NATO qo'mondoni general Filip Bridlav bunga rozi.
"Nyu-York Tayms"ning bildirishicha, sakkiz nafar sobiq rasmiy Obamaga murojaat qilib, Ukrainaga uch milliard dollarga teng qurol va harbiy uskuna berishga chaqirmoqda.
Dekabr oyida AQSh rahbari Kiyevga 350 million dollarga teng harbiy yordam berish to'g'risidagi hujjatni ma'qullagan edi, ammo qurol o'shanda berilmagan. Ayrim tahlilchilar nazarida Rossiya AQShning bunday harakatini provokatsiya deb ko'rishi mumkin.
Kerri payshanba kuni Kiyevda bo'lib, Poroshenko bilan shu mavzuda gaplashadi.
Bu o'rtada sharqda armiya isyonchilar bilan olishishda davom etmoqda. Bugungi janglarda kamida sakkiz fuqaro o'lgan, 22 kishi yaralangan.
So'nggi kunlarda isyonchilar nazoratidagi Donetsk va Lugansk oblastlarida olishuvlar kuchaygan. Isyonchilar bir necha ming sonli ukrainalik askarlar Debalsevo qishlog'i atrofida qurshovga tushganini da'vo qilmoqda. Armiya buni inkor etyapti.
Ukrainada harbiy safarbarlik e'lon qilingan. Isyonchilar ham o'z nazoratidagi hududlarda yashovchi aholidan ularning safiga qo'shilishni so'ramoqda.
G'arb Rossiyani isyonchilarga yordam berayotganlikda ayblab sanksiya qo'ygan. AQSh va Yevropa davlatlari sanksiyalar rossiyaliklarni qiynab, hukumatiga bosim qo'yishiga umid qilmoqda. Ammo Moskvadagi "Levada" markazi o'tkazgan so'nggi so'rov natijalaridan ma'lum bo'lishichia, sanskiyalardan 27 foiz odam zarar ko'rgan, xolos.
So'ralganlardan 37 foizi sanksiyalar tufayi muammoga yuz tutishi mumkinligi haqida aytgan, 69 foizi esa Rossiya sanksiyalarga qaramay, hozirgi siyosatini davom ettirishi kerakligini bildirgan, 21 foizi murosa qilishga chaqirgan.